Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Milliy gvardiyaning hududiy boʻlinmalari bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbir davomida ikki nafar shaxs qoʻlga olindi.
Maʼlum boʻlishicha, Buxoro shahrida yashovchi 1998-yilda tugʻilgan shaxs va Buxoro tumanida istiqomat qiluvchi 1984-yilda tugʻilgan fuqaro oʻzaro til biriktirib, erkin aylanishi taqiqlangan 3 dona flakondagi jami 343 gramm simob moddasini 35 ming AQSH dollariga sotishga uringan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 185-1-moddasi 2-qismi “b”, “v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mutasaddilar fuqarolarni simob va uni oʻz ichiga olgan birikmalarni sotish, sotib olish va saqlash taqiqlangani, uning yuqori zaharliligi jiddiy xavf tugʻdirishini eslatib oʻtdi.








