Buxoro davlat universiteti hamda Buxoro davlat tibbiyot instituti “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Energiyasavdo” filiali Buxoro boʻlinmasi faoliyatidan norozi boʻlib, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining hududiy boshqarmasiga murojaat qilgan.
Oʻrganishlar davomida xizmat koʻrsatuvchi tashkilot tomonidan mazkur taʼlim muassasalariga oshirilgan tariflar asosida asossiz toʻlovlar hisoblangani, natijada 1,8 milliard soʻmdan ortiq qoʻshimcha qarzdorlik yuzaga kelgani aniqlangan.
Shu asosda, hududiy boshqarma huzuridagi Maxsus komissiya “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Energiyasavdo” filialiga nisbatan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilishi boʻyicha ish qoʻzgʻatgan.
Komissiya ish yakuni boʻyicha ikki tashkilotga asossiz hisoblangan 1,8 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻni qayta hisob-kitob qilish, aniqlangan qonunbuzilishni bartaraf etish va kelgusida bu kabi holatlarga yoʻl qoʻymaslik haqida majburiy koʻrsatma berdi.









