Buxoroda Xalqaro yoshlar turizm forumi boʻlib oʻtdi

    Turizm 12 Dekabr 2020 3917

    10-11-dekabr kunlari Buxoroda I Xalqaro yoshlar turizm forumi boʻlib oʻtdi.

    Onlayn shaklida oʻtkazilgan xalqaro forum Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Buxoro viloyat hokimligi va Oʻzbekistonning xorijdagi elchixonalari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlari bilan hamkorlikda viloyat turizmni rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan tashkil etildi.

    Loyihaning maqsadi mahalliy va xorijiy talaba, mutaxassislarning salohiyatli ilmiy ishlanmalarini, startap loyihalarini aniqlab, hayotga tatbiq etish va turizm sohasida yetuk kadrlarni yetishtirishdan iborat.

    Forumda mamlakatning turizm salohiyati toʻgʻrisidagi taqdimot boʻlib oʻtdi.

    Xalqaro forum dunyoning 20 dan ortiq mamlakatiga toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish qilindi. Unda Fransiya, Singapur, Qozogʻiston, Indoneziya, Malayziya vakillari chiqishlari va boshqa xorijiy mamlakatlardagi iqtidorli yoshlarning taqdimotlari oʻtkazildi.

    Anjumanda Fransiyaning mehmonxonalar biznesiga ixtisoslashgan Vatel universiteti vakillari va Oʻzbekistonda allaqachon oʻz imkoniyatlarini namoyish etgan taniqli singapurlik ishbilarmon Rudi Fang kabi xorijiy delegat aʼzolari ham onlayn tarzda qatnashdi.

    Ishtirokchilar pandemiya davrida turizmning ayrim turlarini rivojlantirish haqida suhbatlashdi. Ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro aloqalar oʻrnatgan holda startaplarni taqdim etib, ularni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

    Ikki kun davom etadigan forumda Buxoro davlat universiteti va “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti oʻrtasida turizm sohasida hamkorlik memorandumi imzolanadi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.