Qorakoʻl tumanida Acharya International University of Uzbekistan universitetini tashkil etish boʻyicha viloyat hokimligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Hindistonning Acharya institutlar tarmogʻi oʻrtasida uch tomonlama hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Ushbu shartnomani imzolashda vazir oʻrinbosari J.Egamberdiyev hamda Acharya institutlar tarmogʻi ijrochi direktori Shalini Reddy ishtirok etdi. Universitet tashkil qilingandan soʻng birinchi yil 1400 nafar talaba qabul qilinib, IT yoʻnalishida Hindistonning malakali professor oʻqituvchilari tomonidan oʻqitilishi boshlanadi.

Shuningdek, talabalarga zamon talablariga javob beradigan qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida kompyuter texnikalari bilan jihozlangan oʻquv va laboratoriya xonalari, eng soʻnggi axborot resurslari bilan boyitilgan kutubxonalar bilan bir qatorda shinam yotoqxonalar, sport maydonlari, suzish havzalari ham barpo etiladi.Acharya institutlar tarmogʻi bilan hamkorlikda dunyoning ilgʻor kompaniyalarini jalb qilgan holda talabalarni ish bilan taʼminlash, dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini koʻpaytirish rejalashtirilgan. Universitetning maqsadi mamlakatda axborot texnologiyalari sohasida malakali kadrlar tayyorlash hisoblanadi.

Maʼlumot uchun, Dehli shahrida boʻlib oʻtgan Hindiston–Oʻzbekiston biznes-forumi doirasida AKT vazirligi hamkorligida Acharya instituti bilan oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolangan edi.