Buxoro viloyati IIB Gʻijduvon tumanidagi choʻlda erkaklar bir ayolga kuch ishlatib, uni jinsiy aloqa qilishga majburlagani tasvirlangan video yuzasidan maʼlumot berdi.
Maʼlum qilinishicha, holat Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan oʻrganilgan.
Aniqlanishicha, 30-mart kuni soat taxminan 13:00 larda Gʻijduvon tumani “Sarmijon” mahallasida yashovchi 29 yoshli D.B. tanishi, shu mahallada yashovchi 32 yoshli S.G. ismli ayolni tumanning “Qoraxoni” mahallasi “Jilvon” choʻl hududiga olib borib, uning erkiga zid ravishda jinsiy aloqada boʻlgan. Holat erkak bilan birga borgan sherigi tomonidan videotasvirga olingan.
Ushbu video tasvir orqali uni oʻziga qaram qilib, yonida boʻlgan boshqa 3 nafar tanishlari bilan ham jinsiy aloqada boʻlishga majbur qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 121-moddasi (shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish)2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ish yuzasidan gumon qilinuvchi 3 nafar shaxslar Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi (jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyatining qonuniy talablariga boʻysunmaslik) tartibida ushlanib, dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
“Yuqoridagi kabi holatlarni OAV yoki ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilish dastlabki tergovning haqqoniy, odilona va toʻliq olib borilishiga xalaqit berishi, oʻzingiz bilmagan holda sir tutilishi mumkin boʻlgan tergov harakatlarini oshkor qilishingiz esa dalillarning yoʻqotib yuborilishiga sabab boʻlishi mumkin”, — deya ogohlantiradi IIB.