2019-yilda Xitoy Xalq Respublikasining “Liaoning Lide Investment Holding Group Co., Ltd.” kompaniyasi tomonidan Gʻijduvon tumanida qiymati 1,8 milliard dollarga teng 200 MVt quvvatga ega shamol elektrostansiyasining qurilishi boshlangan edi.

Loyihani uch bosqichda amalga oshirish, birinchi bosqichda 200 MVt quvvatga ega GES qurilishiga 240 million dollar miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish rejalashtirilgandi.

Oʻtgan yilning 22-sentyabrida Gʻijduvon tumani “Baraka” MFY hududida qiymati 1,8 milliard AQSH dollariga teng shamol elektrstansiyasining 200 MVt quvvatgga ega birinchi navbatini barpo etish loyihasi doirasida ulkan inshootning shamol tezligini oʻlchash boʻyicha balandligi 120 metr boʻlgan 3 ta qurilma (machta) ishga tushirilgandi.

Bundan tashqari, xorijiy korxona tomonidan 3-bosqichda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining quvvatini bir meʼyorda saqlash va kerakli quvvatgacha oshirilishini taʼminlash uchun qiymati 40,0 mln.dollardan iborat xorijiy investitsiyalar hisobiga gaz elektr stansiyalarini tashkil etish loyihasini amalga oshirish boʻyicha ham takliflar berilgan.

Bugun, 10-sentyabr kuni oʻtkazilgan onlayn muloqotda “Liaoning Lide Investment Holding Group Co., Ltd.” kompaniyasi mutasaddilari kompaniyaning kelajakda ilgʻor xalqaro tajriba va zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida yirik investitsiya loyihalarini jalb qilish va amalga oshirish uchun intilishini bildirishdi. Bu borada yechimini kutayotgan muammolar ham borligi aytib oʻtildi.

Viloyat hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Farhod Umarov mazkur loyihani amalga oshirishda faol koʻmaklashgani uchun kompaniya rahbariyatiga chuqur minnatdorlik bildirdi. Loyiha yurtimiz, ayniqsa, Buxoro viloyati iqtisodiyoti rivojiga katta ijobiy taʼsir koʻrsatib, energetika sohasida yangi davrni boshlab berishi bilan ahamiyatli ekanligini taʼkidladi. Yakunda shamol elektrostansiyasini barpo etishda yuzaga kelayotgan mavjud muammolar tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda bartaraf etilishi maʼlum qilindi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati