Jamoat transporti tizimini yaxshilash, aholiga qulay va xavfsiz transport xizmatini taqdim etish maqsadida Buxoro shahri yoʻnalishlariga yana 25 ta zamonaviy avtobus keltirildi.
Mazkur avtobuslar Prezidentning 2023-yil 16-fevraldagi «Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida«gi qarori ijrosi doirasida xarid qilindi.
Bu safar “Progress Mega Trans” korxonasi tomonidan Xitoyda ishlab chiqarilgan 24 ta “Zhongtong” rusumli avtobus keltirilgan boʻlsa, “Miramax Tourist Trans” MCHJ tomonidan 1 ta “King Long” rusumli avtobus olib kelindi. Qolaversa, ushbu kompaniyadan yana 19 ta avtobus xarid qilinishi rejalashtirilgan.
Avtobuslarning taqdimotiga bagʻishlangan tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, soha mutaxassislari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Yangi avtobuslar 30 nafar yoʻlovchiga moʻljallangan boʻlib, isitish va sovutish tizimi, kuzatuv kameralari, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay sharoitlar, quyosh nuridan himoyalovchi oynalar va yoʻlovchilar sonini aniqlash tizimi bilan jihozlangan.
Zamonaviy avtobuslar tez orada shahar yoʻnalishlarida qatnay boshlab, jamoat transporti sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Maʼlumot uchun: 2025-yil yakuniga qadar Buxoro viloyatiga yana 48 ta shunday avtobus olib kelish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.









