Bu muloqotda oliy va oʻrta maʼlumotli hamshiralarning faoliyat samaradorligi, ularni zamonaviy tibbiyot talablaridan nechogʻli xabardorligi, tibbiyot personali malakasini oshirish, tajriba almashuvlariga eʼtibor qaratildi.
Viloyatda kasalliklarni davolashda oʻrta tibbiyot vakillariga yaratilgan shart-sharoit, joylarda aholiga koʻrsatiladigan tibbiy xizmat sifatini oshirishda ular ishtiroki atroflicha oʻrganildi. Shuningdek, ikki mamlakat tibbiyot tizimidagi uzviy hamkorlik aloqalarini yanada yaxshilash, bu borada dunyo ilgʻor tajribasidan voqif boʻlish, bilim va tajribalarni oʻzlashtirish, ish jarayoni va kasbga yondashuvni toʻgʻri tashkillashtirish xususida fikr almashildi.
Shifokor va hamshiralar bilan muloqotda “MEDIAN” tibbiyot klinikalari uyushmasi rahbari Sebastiyan Villkom mamlakatimizga boʻlgan qiziqish ortib borayotgani, jumladan, tibbiyotda qator yangilik va oʻzgarishlar kuzatilayotgani barobarida, hozirgi nemis zamonaviy tibbiyoti, xorijda oʻrta maxsus maʼlumotli hamshiralarga yaratilgan shart-sharoit va ish uslubi xususida ham toʻxtalib, ikki tomon oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shifokorlarning tajriba almashishlarini yoʻlga qoʻyishga tayyorligini bidirdi. Samimiy ruhda kechgan muloqotda tibbiyot xodimlari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga xorijiy mutaxassislardan javob oldilar.