“Parvoz Humo Ravnaq Trans” masʼuliyati cheklangan jamiyat taʼsischisi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Nurmuhammad Ochilov ushbu xayrli ishda birinchilardan boʻlib tashabbus koʻrsatdi.

 

— Koʻrib turibmizki, hozir xalqimiz juda ogʻir kunlarni boshidan kechiryapti. Shifokorlarning aytishicha, pandemiya davrida har bir bemorni davolash uchun kislorodga ehtiyoj keskin ortadi. Biz shuni inoabatga olib, Xitoydan 100 dona kislorodli konsentratorlar olib keldik. Konsentratorlarni kasalxonalarga bepul beramiz. Istagimiz, infeksiyaga chalingan yurtdoshlarimiz tezroq tuzalsin. Oilasi bagʻriga qaytsin, – deydi Nurmuhammad Ochilov biz bilan suhbatda.

 

Maʼlumot uchun, “Parvoz Humo Ravnaq Trans” masʼuliyati cheklangan jamiyati homiyligida keltirilgan kislorodli konsentratorlarning 25 tasi Gʻijduvon, 25 tasi Olot, 25 tasi Jondor tuman tibbiyot birlashmasiga, 5 tadan Vobkent va Shofirkon tuman tibbiyot birlashmalariga, 10 ta viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga ham 5 tasi Kogon shahar tibbiyot birlashmasiga yetkazildi.

Shuningdek, bugunning oʻzida “Merganteks” paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan ham Xitoydan olib kelingan 100 dona kislorodli konsentratorlar shifo maskanlariga yuborildi. Xususan, ularning 50 tasi respublika shoshilinch yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga, 25 tasi Buxoro tumani va yana 25 tasi Qorakoʻl tumani tibbiyot birlashmasiga taqdim etildi.

 

 

 

— Gap konsentratorlarning narxi, arzon yoki qimmatligida emas. Kislorodli konsentratorlardan qandaydir moliyaviy manfaat ham koʻzlaganimiz yoʻq. Gap ularning inson salomatligiga foydasi haqida. Davlatimiz rahbari biz, tadbirkorlarga shuncha imtiyoz berib, qoʻllab-quvvatlab turgan bir paytda hozirgi murakkab, sinovli davrda biz ham ularga qoʻl-qanot boʻlishimiz kerak, deb oʻylayman. Chunki bizga shunga yarasha imkoniyat bor. Albatta, qilingan yaxshilik, koʻrsatilgan saxovatni aytish joiz emas. Ammo bu ishimiz bizga oʻxshagan boshqa tadbirkorlarni ham tashabbusga boshlasa, qiyinchiliklarni yengish yanayam osonlashadi, -deydi Ibrohim Hamroyev.

 

Klaster rahbari Ibrohim Hamroyevning bildirishicha, konsentratorlarning har donasi umumiy hisobda 450 dollardan tushgan. Shaxsan uning oʻzi 500 mln soʻm hisobida xayriya qilgan.