Ayni vaqtda “Oʻzekspomarkaz”da boʻlib oʻtayotgan Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida Buxoro viloyati ham oʻz milliy paviloni bilan ishtirok etmoqda.
Xalqaro va mahalliy ishtirokchilar tomonidan Buxoro paviloniga katta qiziqish bildirilmoqda. Buxorodan mazkur yarmarkaga 100 ga yaqin turizm sohasi vakillari, jumladan, turoperatorlar, mehmonxona biznesi vakillari bilan birga gastronomik yoʻnalishdagi restoranlar, ekoturizm maskanlari va turizm klasterlari ishtirok etishmoqda.
Eʼtiborlisi, birinchi kunning oʻzida, buxorolik tadbirkorlar tomonidan 14 million AQSH dollari qiymatidagi bir nechta shartnomalar imzolandi.
Yaponiya va Hindiston davlatlarining turizm sohasi vakillari bilan uchrashuvlarda Buxoro viloyatining turizm salohiyati, chekka hududlarda tashkil etilayotgan turizm maskanlari, viloyatda soʻnggi yillarda yangidan tashkil etilgan turistik marshrutlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berildi hamda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishib olindi.
Shuningdek, Turkmaniston Respublikasi vakillari bilan ziyorat turizmi yoʻnalishida Buxorodagi Yetti Pir ziyoratgohlari boʻylab kombinatsion turlar tashkil qilinishi boʻyicha kelishuvlarga erishildi.