Buxorolik yoshlar “SEAMO – 2020” xalqaro olimpiadasida munosib ishtirok etdilar

    Ta'lim 14 Oktabr 2020 1337

    Buxorolik yoshlar “SEAMO – 2020” xalqaro olimpiadasida 2 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi.

    Janubi-Sharqiy Osiyo matematika olimpiadasi (“SEAMO – 2020”)da Qorakoʻl tumanidagi xalqaro matematika maktabining iqtidorli yoshlari oʻzlarining bilim jihatidan tengsiz ekanini yana bir karra isbotladi.

    Singapur respublikasining “Global – SEAMO” tashkiloti tomonidan anʼanaviy tashkil etib kelinadigan zakovat bahsining barcha test savollari xalqaro turizm sohasi taraqqiy topgan Singapurning “Terry Chew Akademy” oliy taʼlim dargohi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan.

    Onlayn koʻrinishda tashkil etilgan xalqaro bilimlar bellashuvida Qorakoʻl xalqaro matematika maktabining 11 nafar yosh isteʼdod sohibi Buxoro shahrida bahslarga kirishdi.

    Natijada musobaqada ishtirok etgan 8 va 9-sinf oʻquvchilari Asilbek Abduqayumov va Anvarjon Raxmatov oltin medalga sazovor boʻldi.

    Maktabning 9-sinf oʻquvchilari Otabek Joʻrabekov va Muhammadali Ravshanovlar esa bronza medalini qoʻlga kiritdi. Maktabning 10-sinf oʻquvchilaridan Jasur Roʻziboyev kumush, Lazizbek Rajabboyev va Azizbek Ergashovlar bronza medallariga sazovor boʻldi.

    Yoshlar umumjamoa hisobiga 2 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza medalini qoʻshib qoʻydi. Joriy yil 18-19-yanvar kunlari Gold-Kost (Avstraliya) shahrida matematika fanidan boʻlib oʻtgan xalqaro fan olimpiadasida Qorakoʻl xalqaro matematika maktabining 8-sinf oʻquvchisi Bekzodjon Nuriddinov barcha raqiblaridan ustun kelib, oltin medalni qoʻlga kiritgan edi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.