Kasallik qanday davolanadi?

— Bu, avvalo, kasallikning yengil yoki ogʻirligiga qarab belgilanadi, — deydi Sh. Shavahabov. — Masalan, Litotripsi deb ataluvchi buyrak toshlarini yoʻq qilish uchun koʻpincha jarrohlik amaliyoti zarur boʻladi. Biroq operatsiyani eshitib, darhol vahimaga tushmaslik kerak. Sababi hozirgi kunda zamonaviy texnologiyalar bu amaliyotni ogʻriqsiz va samarali bajarish imkonini beradi.

Shuningdek, buyrak toshlarini “yumshoq” usul, yaʼni eritish orqali ham yoʻqotish mumkin. Bu jarayon butunlay ogʻriqsiz boʻlib, muolaja maxsus preparatlardan foydalangan holda amalga oshiriladi. Dorilarning dozasi esa bemorning yoshi va vazniga qarab shifokor tomonidan tavsiya qilinadi.

— Ushbu xastalikka chalinmaslik uchun nima qilish lozim?

— Eng avvalo, har bir inson kundalik suyuqlik ichish meʼyoriga amal qilishi kerak. Yaʼni, sogʻlom odam kuniga har bir kilogramm vazn uchun 30 millilitr suv ichishini hisobga olsak, 60 kilogramm vaznga ega kishi bir sutkada deyarli 2 litr suv isteʼmol qilishi zarur. Shuningdek, sport bilan muntazam shugʻullanish, asabiylashmaslik, tez-tez peshob tahlili topshirish, gastroenterolog va urolog qabulidan oʻtib turish, bel va qovuq sohalarining shamollashiga yoʻl qoʻymaslik talab etiladi.

— Kasallikda qanday mahsulotlarni isteʼmol qilish mumkin emas?

— Agar peshobda fosfat tuzlari aniqlansa, sut mahsulotlari (smetanadan tashqari), dudlangan yeguliklar, konservalar, alkogolli ichimliklar, tuxum sarigʻi, qalampir, murch, achchiq choy, kofe kabi mahsulotlarni yeyish va ichish man etiladi.

Mabodo, peshobda oksolat tuzlari aniqlansa, lavlagi, goʻsht, turli salatlar, qoʻziqorin, rovoch, shovul, qovurilgan kartoshka, achchiq qora choy, uzum, xolodes, kakao, pomidor sharbati va xamirturushli non kabi bir necha oziq-ovqat mahsulotlarini tanovul qilish mumkin emas, deya ogohlantiradi Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.