Buyuk Britaniya bilan inklyuziv ta’lim sohasida hamkorlik olib boriladi

    Xalq ta’limi vazirligi va Buyuk Britaniyaning Maxsus ta’lim ehtiyojlari milliy assosiasiyasi (NASEN) vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

    Muzokaralardan ko‘zlangan maqsad ikki tashkilot o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish orqali O‘zbekiston xalq ta’limi sohasiga NASEN salohiyatini jalb qilish va targ‘ib qilishdan iborat.

    Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, imkoniyati cheklangan bolalarni oddiy maktablarga integrasiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida hamkorlikning o‘zaro maqbul formatlari yuzasidan fikr almashildi.

    Tomonlar qator amaliy loyihalar, jumladan, umumta’lim maktablarida inklyuzivlikni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston milliy strategiyasini ishlab chiqish, o‘qituvchilarni NASEN qo‘llanmalari va yo‘riqnomalari bilan ta’minlashga kelishib oldilar.

    1992 yilda tashkil etilgan Maxsus ta’lim ehtiyojlari milliy assosiasiyasi alohida ehtiyojli shaxslarni o‘qitish va rivojlantirish, Buyuk Britaniya va xorijiy mamlakatlarda ushbu sohadagi davlat siyosatini ishlab chiqish, shuningdek, o‘quv dasturlarini yaratishga ixtisoslashgan yetakchi Britaniya tashkilotidir. NASEN a’zolari soni butun dunyo bo‘ylab 62 mingdan ortiq davlat tashkilotlari, ekspertlar, universitetlar va maxsus maktablarni tashkil qiladi, deya xabar bermoqda Xalq ta’limi vazirligi Matbuot xizmati.