Buyuk Britaniya bilan iqtisodiy, savdo va investitsiyaviy aloqalar yanada kengaytiriladi

    Xalqaro hamkorlik 29 Noyabr 2023 1130

    Joriy yil 28-noyabrda Londonda Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya savdo-sanoat kengashi (UBTIC)ning 27-yigʻilishi oʻz ishini boshladi.

    Yigʻilish Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining oʻrinbosari Badriddin Obidov va Buyuk Britaniya parlamenti Davlat kotibi oʻrinbosari, eksport vaziri Malkolm Offord raisligida boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari, banklar, shuningdek, diplomatik missiyalar rahbarlari, jami 100dan ortiq ishbilarmon doiralar vakillari va rasmiy shaxslar ishtirok etdi.

    Delegatsiyalar rahbarlari oʻz chiqishlarida ikki tomonlama sheriklikning jadal, izchil oʻsib borayotganini taʼkidladilar. Ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi soʻnggi 5 yilda ikki barobardan ziyod oshib, joriy yilning 10 oyi yakuni boʻyicha 315 million dollarni tashkil etdi. Oʻzbekistonda Britaniya kapitali ishtirokidagi 273 ta korxona, jumladan, 162 ta qoʻshma korxona va 111 ta 100 foiz Britaniya kapitali asosida tashkil topgan korxona faoliyat yuritib kelyapti.

    Shu bilan birga, Buyuk Britaniyaga eksport qilinayotgan Oʻzbekiston mahsulotlarining nomenklaturasini kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi va qoʻllab-quvvatlandi.

    Shuningdek, tadbir doirasida moliyaviy resurslarni jalb etish va ulardan foydalanish, taʼlim, toʻqimachilik sanoati, transport, raqamli texnologiyalar va biznes jarayonlarda autsorsing masalalariga bagʻishlangan panel munozaralari ham oʻtkazildi.

    Forum ishtirokchilarining fikriga koʻra Britaniya savdo-sanoat kengashi ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni va hamkorlikni chuqurlashtirish uchun samarali platformaga aylandi.

    Tadbir yakuni boʻyicha Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya iqtisodiy, savdo va investitsiyaviy aloqalarini yanada kengaytirish boʻyicha qoʻshma “Yoʻl xarita” hamda uchrashuvlar davomida erishilgan natijalarni amalga oshirish boʻyicha qator kelishuv va memorandumlar imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.