баннер
23 Mar 2025
05:39

    Buyuk Britaniya bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi

    Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Timoti Smart bilan uchrashdi.

    Suhbatda asosiy eʼtibor savdo-iqtisodiy va investitsiyalar sohasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari, 2025-yilga moʻljallangan tadbirlar jadvalini muvofiqlashtirish masalalariga qaratildi.

    Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirishning ijobiy dinamikasi qayd etildi. 2024-yil yakuniga koʻra oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 352 million dollarni tashkil etdi. Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, togʻ-kon sanoati, farmatsevtika, toʻqimachilik va kimyo sanoati, savdo va xizmat koʻrsatish sohalarida Britaniya sarmoyasi ishtirokidagi 260 korxona faoliyat yuritib kelyapti. 2024-yilda Buyuk Britaniyadan 1 milliard funt sterlingdan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoya kiritildi.

    Buyuk Britaniyaga eksport qilinayotgan Oʻzbekiston mahsulotlari turlarini kengaytirish, ikki davlat oʻrtasidagi sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha qator takliflar konstruktiv ruhda koʻrib chiqildi.

    Shu nuqtayi nazardan, “Developing Countries Trading Scheme” imtiyozlar tizimining barcha afzalliklaridan samarali foydalanish maqsadida ishbilarmon doiralar, fuqarolik jamiyati va davlat idoralari vakillari oʻrtasida Oʻzbekiston mahsulotlarining Buyuk Britaniya bozoriga eksportini oshirishning imkoniyatlari toʻgʻrisida xabardorlikni oshirishga qaratilgan qoʻshma tadbirlar, seminarlar va anjumanlar tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar kelishib olindi.

    Buyuk Britaniyaning yetakchi savdo tarmoqlari bilan uzoq muddatli yetkazib berish shartnomalarini tuzgan holda, oʻzaro savdoni rivojlantirish uchun britaniyalik investorlarni respublikada mahsulot ishlab chiqarish va keyinchalik eksport qilish maqsadida qoʻshma korxonalar tashkil etishga jalb etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar samaradorligi yuzasidan yakdil fikr bildirildi.

    Shuningdek, Britaniya tomoni Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya hukumatlararo komissiyasi tomonidan tegishli hujjat qabul qilingan holda savdoni rivojlantirishning yangi mexanizmlarini taklif qildi. Buyuk Britaniya hukumatining Eksport-kredit agentligi (UKEF) bir qator qoʻshma loyihalar va savdo shartnomalarini moliyalashtirishga tayyorligini bildirdi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar barcha muhokama etilgan yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishga sobit qolishlarini tasdiqladilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.


    Telegram kanalimiz
    Text to speech