Buyuk Britaniya bozoriga oʻzbek qovuni yetkazib berildi

    Biznes 13 Oktabr 2020 1881

    Nafaqat Buyuk Britaniya, balki Yevropadagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sotuviga ixtisoslashgan, umumiy maydoni 13 gektarni egallagan “New Spitalfields Market” ulgurji bozoriga Oʻzbekistonda yetishtirilgan 20 tonna “Torpedo” navli qovun yetkazib berildi.

    Sentyabr oyi boshida Samarqand viloyatidagi “GardenCells” korxonasi va Britaniyaning “Vita Plus Ltd” kompaniyasi oʻrtasida imzolangan shartnoma doirasida Londonning Gʻarbiy Xalqaro bozorida oʻzbek quritilgan mevalarining birinchi joʻnatmasi sotilgandi.

    - Kompaniyamiz va britaniyalik sheriklar oʻrtasida eksklyuziv shartnoma asosida amalga oshirilgan oʻzbek qovunining Britaniya bozoriga birinchi joʻnatmasining yetkazib berilishi Yevropada Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga qiziqish tobora ortib borayotganining yana bir misolidir, — dedi “Jahon Exim Group” MCHJ direktori Jaxongir Gʻiyosov. — Oʻzining shirin taʼmi bilan mashhur boʻlgan oʻzbek qovunlari mahalliy isteʼmolchilar tomonidan munosib baholanadi, degan umiddamiz. Kompaniya yetkazib berilayotgan mahsulotlar turini qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar, jumladan, organik va quritilgan, shuningdek, muzlatilgan quritilgan meva va sabzavotlarni qoʻshib kengaytirishni rejalashtirmoqda.

    Shuni taʼkidlash kerakki, soʻnggi yillarda Yevropa mamlakatlarida Oʻzbekistondan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga qiziqish izchil ravishda oʻsib bormoqda. Oʻz navbatida, mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha eng yirik ishlab chiqarish bazasiga ega va soʻnggi yillarda eksport geografiyasini sezilarli darajada kengaydi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.