Buyuk Britaniya jurnali Ichan qalʼani dunyodagi eng mashhur toʻqqiz devorli qalʼa roʻyxatiga kiritdi

    OAV O‘zbеkiston haqida 24 Fevral 2023 1403

    Turizm sohasidagi yoʻnalishlarni yoritishga ixtisoslashgan Buyuk Britaniyaning mashhur “Wanderlust” jurnali sahifasida “Dunyo boʻylab 9 ta eng qadimiy devorli shaharlar” sarlavhali maqola chop etildi.

    Maqolada butun dunyo boʻylab qalʼa devorlari bilan mashhur boʻlgan 9 mamlakatdagi shaharlar haqidagi maʼlumotlar mushtariylar eʼtiboriga havola qilingan.

    Eʼtiborli jihati shundaki, devor qalʼalar bilan oʻralgan va hozirgi vaqtgacha saqlanib qolingan inshootlar orasidan Xiva shahridagi Ichan qalʼa ham oʻrin oldi. Devor bilan oʻralgan shaharlar ichida Kolumbiyaning Kartagena, Xorvatiyaning Dubrovnik, Marokashning Tarudant, Buyuk Britaniyadani Yor, Oʻzbekistondagi Ichan qalʼa, Fransiyadagi Karkasson va boshqalar jahonga mashhurdir, deb yozadi nashr.

    Muallif asrlar davomida shaharlar uchun himoya istehkomi vazifasini bajargan ushbu toʻqqiz qalʼa butun dunyoda borib koʻrish uchun muhim boʻlgan joylar qatoriga kirishini taʼkidlar ekan, oʻzining noyobligi hamda taʼsirchan koʻrinishi bilan koʻplab sayyohlarni oʻziga jalb etishini qayd etgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Maqolada taʼkidlanishicha, roʻyxatning beshinchi qatorida qayd etilgan Ichan qalʼa Oʻzbekistonning Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan qadimiy shaharlaridan biri – Xivada joylashgan. Ushbu qalʼa devorlarining uzunligi 2 kilometrgacha yetadi va balandligi 10 metrdan yuqori boʻlgan ulkan minoralardan iborat.

    “Qalʼa ichidagi koʻhna binolar juda yaxshi holatda bizgacha yetib kelgan. Tadqiqotchilar uchun ulkan ilmiy manba, sayyohlar uchun uchun esa masjidlar, saroylar va minoralarga ega boʻlgan ushbu maskan jozibali va ekzotik manzildir”, deb yozadi muallif.