Mazkur tadbirda, Oʻzbekiston Respublikasi kinofondi direktori Eljon Abbosov ham ishtirok etdi.
Buyuk Britaniya vakillariga Oʻzbekiston kino sanoatini tiklash va isloh qilish, kino sanʼatini yangi bosqichga olib chiqish borasidagi harakatlar toʻgʻrisida, jumladan, oʻzbek filmlarini xorijdan qaytarish va Oʻzbekistonning “oltin kinofondi”ga kiritish uchun qayta tiklash, shuningdek, ilgari Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarining Toshkent xalqaro kinofestivali (1968 - 1988-yillar) nomi bilan mashhur boʻlgan “Ipak yoʻli durdonasi” kinofestivalining faoliyatini qayta tiklash haqida maʼlumot berildi.
Jastin Uoddell “Kino Klassika Foundation” faoliyati va Britaniyaning “British Film Institute” instituti koʻmagida amalga oshirilayotgan MDH kinosanoati durdonalarini ommalashtirishga va Buyuk Britaniya kinoteatrlarida namoyish etishga qaratilgan xalqaro loyihalar haqida soʻzlab berdi.
Tomonlar hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan oʻzaro manfaatdor ekanliklarini bildirib oʻtishdi va kinolentalarni restavratsiya qilish va Londonda oʻzbek kinosi kunlari kabi bir qator loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishib olishdi. Shuningdek, jamgʻarma rahbari 2021-yil sentyabr oyida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan “Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalida ishtirok etish uchun taklif etildi.
2015-yilda Londonda tashkil etilgan “Kino Klassika Foundation” jamgʻarmasi MDH mamlakatlari kinomateriallarini namoyish etish boʻyicha Britaniyaning 20 dan ortiq kinoteatrlari bilan hamkorlik qiladi va eski kinolentalarni tiklash dasturlarini amalga oshiradi. Jamgʻarma 2020-yildan boshlab Oʻzbekiston vakillari bilan birgalikda Markaziy Osiyoda kamdan kam namoyish etiladigan filmlarni ommalashtirishga qaratilgan “Tashkent Film Encounters” loyihasini ishga tushirgan.
Kinematografiya agentligi axborot xizmati