Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi aʼzosi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 25 Mart 2024 395

    Oʻzbekiston elchisi Ravshan Usmonov Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi aʼzosi Piter Lilli bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muzokaralar chogʻida Britaniya tomoniga Yangi Oʻzbekistonda jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida, ayniqsa, parlamentarizmni rivojlantirish, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish borasidagi islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

    Lordlar palatasi aʼzosi soʻnggi bir yilda Oʻzbekiston -Buyuk Britaniya parlamentlararo munosabatlarida sezilarli faollashuv kuzatilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Oʻzbekiston -Buyuk Britaniya parlamentlararo muloqotini mustahkamlash tomonlarni qiziqtirgan sohalarda oʻzaro manfaatli qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning qoʻshimcha mexanizmlarini yaratishi taʼkidlandi.

    Tomonlar savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni faollashtirish, togʻ-kon sanoati, telekommunikatsiya, infratuzilma, farmatsevtika, taʼlim kabi sohalarda loyihalarni amalga oshirish uchun Britaniyaning yetakchi kompaniyalarini Oʻzbekistonga jalb etish imkoniyatlari xususida ham fikr almashdilar.

    Uchrashuv yakunida ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mavjud salohiyatni roʻyobga chiqarish boʻyicha amaliy aloqalarni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Buyuk Britaniya parlamenti ikki palatali boʻlib, Lordlar palatasi (yuqori palata) va jamoatlar palatasidan (quyi palata) iborat.

    Lordlar palatasi aʼzolari saylanmaydi. Ular oʻz vakolatlarini meros orqali yoki monarx tomonidan beriladi. Bugungi kunda Lordlar palatasida 792 aʼzo bor.

    Jamoatlar palatasi saylov okruglari tomonidan saylanadigan 650 aʼzodan iborat. Jamoatlar palatasi aʼzolarining vakolat muddati besh yil davom etadi, lekin baʼzan muddatidan oldin ham saylovlar oʻtkaziladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.