Buyuk Britaniya Qurolli kuchlari vaziri Surxondaryo viloyatida

    Xalqaro hamkorlik 22 Sentabr 2021 1598

    Kecha mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi mudofaa vazirining parlamentar oʻrinbosari, Qurolli kuchlari vaziri Jeyms Hippi qirollikning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Timoti Torlou va boshqa rasmiylar hamrohligida Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

    Mehmonlarni Termiz xalqaro aeroportida Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov va boshqa rasmiylar kutib oldi.

    Uchrashuv chogʻida viloyat hokimi delegatsiya aʼzolarini vohamizga ilk tashrifi bilan tabriklab, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, oʻzbek-britaniya qoʻshma korxonalarning faoliyati va sarmoya kiritish imkoniyatlari haqida soʻz yuritdi.

    Hozirda Surxondaryo viloyatida Britaniya sarmoyasi ishtirokida 8 ta korxona faoliyat yuritadi. 2018-2020-yillarda viloyatga jalb etilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning 106,2 million dollari yoki 22,6 foizi bevosita britaniyalik sarmoyadorlar hissasiga toʻgʻri kelgan.2021-2023-yillarda viloyatda Buyuk Britaniya biznes vakillari ishtirokida 248,5 million dollarga teng yana 7 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan.

    Oʻzbekistonni Afgʻoniston bilan bogʻlab turuvchi Termiz – Hayraton koʻprigi hududida davom etgan samimiy suhbat chogʻida ikki mamlakatning chegaradosh viloyatlari oʻrtasida oʻrnatilgan oʻzaro hududlararo hamkorlik aloqalari va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar haqida soʻz yuritildi.

    Mehmonlar “Ayritom” chegara bojxona postida yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan ham tanishdilar. Chegara hududda yangi barpo etilayotgan Termiz xalqaro savdo markazi va unda chet ellik ishbilarmonlar uchun yaratiladigan qulayliklar haqida maʼlumotlar berildi.

    Tashrif soʻngida Jeyms Hippi doʻstona uchrashuv uchun viloyat hokimiga minnatdorchilik izhor etar ekan, ikki tomonlama hamkorlik aloqalarining yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi, deb xabar beradi Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati.