Buyuk Britaniyada Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32-yilligiga bagʻishlangan tantanali qabul marosimi oʻtkazildi

    Britaniya parlamenti Lordlar palatasida Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32-yilligiga bagʻishlangan tantanali qabul marosimi tashkil etildi.

    Tadbirda Buyuk Britaniya Parlamenti, vazirlik va idoralari, tadqiqot va tahlil markazlari, oliy taʼlim muassasalari, ishbilarmon doiralari vakillari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar xodimlari va vatandoshlarimiz ishtirok etdi.

    Ochilish marosimida mamlakatimiz elchisi Ravshan Usmanov xorijiy tomonni yurtimizda oʻtgan yili umumxalq referendum asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya, uning Yangi Oʻzbekiston islohotlari doirasidagi ahamiyati, mamlakat Asosiy qonunida belgilangan tinchlik va taraqqiyot tamoyillari bilan tanishtirdi.

    Shuningdek, Konstitutsiya yurtimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun tinch, obod va farovon hayot barpo etish, Oʻzbekistonning xalqaro maydonda munosib oʻrin egallashida mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

    Baronessa Uddin, Britaniya parlamenti Lordlar palatasi aʼzosi, Oʻzbekistonda yuz berayotgan yangilanish va oʻzgarishlarni ijobiy baholab, Londonni Toshkent bilan barcha sohalarda aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini maʼlum qildi. Yangilangan Oʻzbekiston Konstitutsiyasining mamlakatning koʻpmillatli xalqi, islohotlar va taraqqiyot uchun muhimligini alohida qayd etdi.

    Lord Veyverli shu yil oktyabr oyida yangilangan Konstitutsiya asosida Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga boʻlib oʻtgan saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtiroki davomida ushbu muhim siyosiy tadbirning ochiqlik va raqobat ruhida oʻtganligi Asosiy qonunni hayotga tatbiq etish yoʻlida birinchi gʻoyat muhim qadam boʻlganini bildirdi.

    Tadbirning madaniy qismida Oʻzbekistondan tashrif buyurgan “Bunyod” ansambli ijrosidagi kuy va qoʻshiqlar yigʻilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.