Oʻzbekistonning Londondagi elchixonasi koʻmagida bir guruh vatandosh talabalar tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu tashabbus Buyuk Britaniyadagi universitetlarda tahsil olayotgan mamlakatimiz yoshlarini birlashtirish, ularning bilim olishlari uchun qulay va faoliyatning turli sohalarida faol ishtirok etishlari uchun universal platforma yaratishga qaratilgan.

Ayni paytda Buyuk Britaniyaning Oksford, Kembrij, Edinburg, London Iqtisodiyot maktabi, London Imperial kolleji kabi nufuzli universitetlarida 600 dan ortiq oʻzbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Shundan 120 nafari “El yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiantlaridir.

Oʻzbekistonlik talabalar uyushmasi yoshlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, ularning kasbiy va shaxsiy rivojlanishiga koʻmaklashish, shuningdek, Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasidagi madaniy-maʼrifiy almashinuvni rivojlantirishga koʻmaklashadi. Bundan tashqari, tashkilotning tashkil etilishi talabalarning oʻzaro samarali hamkorlik qilishi, tajriba va bilim almashishi, huquq va manfaatlarini himoya qilish imkonini beradi.

Oʻzbekistonlik talabalar uyushmasining rasmiy ochilish marosimi joriy yilning 2-mart kuni mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida boʻlib oʻtadi. Tadbir doirasida talabalar oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyini oʻtkaziladi.

Mazkur uyushmaning tashkil etilishi talabalarning nafaqat sifatli taʼlim olish va malaka oshirishga intilishi, balki Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya munosabatlarini rivojlantirishda yoshlarning roli ortib borayotganidan dalolatdir.