Buyuk Britaniyada Yangi Oʻzbekiston boʻylab sayohat qoʻllanmasi tayyorlanadi

    Oʻzbekiston elchisi Ravshan Usmanov britaniyalik taniqli yozuvchi Kalum MakLeod bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Suhbat davomida britaniyalik yozuvchi soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda turizm sohasini jadal rivojlantirish, uning raqobatbardoshligi va taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, shuningdek, jahon bozorlarida milliy sayyohlik mahsulotlarini keng targʻib etish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuqori baholadi.

    Uning aytishicha, Oʻzbekiston oʻzining tarixiy, madaniy va xushmanzara goʻshalari, ularning negizida barpo etilgan turizm maskanlari va zamonaviy mehmonxonalari hamda xorijiy sayyohlarga nisbatan joriy etilgan soddalashtirilgan tartib-taomillari bilan bemalol mamlakatga tashrif buyuruvchi turistlar sonini keskin oshirishi mumkin.

    “Oʻzbekiston milliy turizm brendini, shu jumladan uning tarixi va madaniyati, zamonaviy rivojlanishi hamda yangi sayyohlik yoʻnalishlari va infratuzilmalarini Britaniyada keng targʻib qilish boʻyicha hamkorlik qilishga tayyorman”, dedi Kalum MakLeod.

    Muzokaralar natijasida britaniyalik yozuvchi bilan hamkorlikda Yangi Oʻzbekiston boʻylab sayohat qoʻllanmasini tayyorlash boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Kalum MakLeod 1996-yildan boshlab hozirgi vaqtga qadar Britaniya auditoriyasi uchun nashr etilgan “Oʻzbekiston: Samarqand sari oltin yoʻl” nomli 9 ta sayohat qoʻllanmasining muallifi hisoblanadi.