Mamlakatimizning Londondagi elchixonasi tomonidan ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi rahbariyati boshchiligidagi respublikamiz  mutaxassislarining Buyuk Britaniyadagi “Civil Service College” ijrochi direktori S.Leong bilan onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar davomida davlat xizmatchilari faoliyatini monitoring qilish va baholash hamda rahbar kadrlar uchun muntazam o‘quv kurslarini tashqil etish bo‘yicha “Civil Service College” vakillarining fikr-mulohazalari tinglandi.

Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori A.Bekmurodov tomonidan “Civil Service College” bilan o‘zaro hamkorlikda tuman va viloyat hokimliklari vakillari uchun mahorat darslari, qo‘shma treninglar, o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan takliflar xorij tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlandi.

Onlayn uchrashuv yakunlari bo‘yicha mazkur yo‘nalishlardagi hamkorlikni huquqiy jihatdan mustahkamlash maqsadida Anglashuv memorandumini rasmiylashtirishga kelishib olindi.