баннер
26 Apr 2025
22:48

    Buyuk ipak yoʻli maxsus sanoat texnoparki qurilishi jarayonlari boshlandi

    Maxsus sanoat texnoparkda 100 ga yaqin korxona joylashtiriladi, 12 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi.

    Olmaliq shahar “Hilol” MFY hududida tanlab olingan 227 gektar yer maydonida Xitoyning “Zhejiang Holley Global Industry Development” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Buyuk ipak yoʻli” industrial texnoparki maxsus sanoat zonasini tashkil etish boʻyicha qaror qabul qilingan edi.

    U yerda elektrotexnika, toʻqimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika kabi yoʻnalishlarda 100 ga yaqin korxona joylashtiriladi. 12 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratilishi, yilliga oʻrtacha 120 million dollar eksport, 80 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish koʻzda tutilgan, deya xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati.

    Loyihani qurilish ishlari ikki bosqichda amalga oshiriladi. Joriy yilning yanvar oyidan hududda 2 qavatli koʻrgazma markazi, 3 qavatli ofis, logistika markazi, kichik muzlatgich, transformator ishlab chiqarish binolari 13 gektar yer maydonida qurilish ishlari boshlangan.

    Kuni kecha Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev mazkur manzilda boʻlib, hududda olib borilishi belgilangan ishlarni oʻrgandi. Shuningdek, maxsus sanoat zonasining bosh rejasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan toʻliq taminlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech