Buyuk kelajak nizomi

    Fikr 14 Noyabr 2025 318

    Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida chop etilgan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqolasini mutolaa qilar ekanman, ochigʻi, qalbimda cheksiz hayajon va gʻururni his qildim. Bu shunchaki siyosiy tahlilning oʻzigina emas. Yoʻq!

    Bu qardosh xalqlarning asrlab kutgan orzulari, bugungi yorugʻ kunlari va buyuk kelajagining nizomi, desam adashmayman. Uning har bir satrida mintaqamiz taqdiriga boʻlgan chuqur kuyinchaklik va qatʼiy iroda manaman deb turibdi.

    Ilm-fan sohasi vakili sifatida toʻliq ishonch bilan ayta olaman: ushbu gʻoyalar Markaziy Osiyodagi Uygʻonish davrining tamal toshi vazifasini oʻtagay. Oʻylab koʻring, yillar davomida oʻrtamizda toʻp­lanib qolgan sovuq ishonchsizlik muzlari erib ketdi! Bu haqiqiy moʻjiza emasmi?! Prezidentimiz toʻgʻri taʼkidlaganidek, bugungi iliq qoʻshnichilik oʻz-oʻzidan pay­do boʻlib qolgan jarayon emas. Bu uzoqni koʻzlab, tinimsiz qilingan mehnat va oqi­lona diplomatiya mevasidir. Ayniqsa, bir paytlar nizo oʻchogʻi boʻlgan chegaralarning bugun doʻstlik koʻprigiga aylangani xalq­larimiz hayotidagi eng katta tarixiy buri­lish boʻldi.

    Suv va energetika masalalarida ham eski qarashlar sindirildi. Endi har kim oʻz koʻr­pasini oʻziga tortmayapti. Qambarota GESi kabi ulkan loyihalar birgalikda qurilayot­gani bunga yaqqol misol! Bu faqat iqtisodiy foyda degani emas, bu “bizning taqdirimiz bir, suvimiz ham, nonimiz ham bir” degan ulugʻvor haqiqatning tan olinishidir.

    Davlatimiz rahbari “Markaziy Osiyo plyus” formatlariga urgʻu berib, juda toʻgʻri taʼkidladi: biz endi dunyo siyosatining chet­dagi tomoshabini emasmiz! Bugun Markaziy Osiyo oʻz soʻzi, oʻz oʻrni va qatʼiy pozitsiyasiga ega boʻlgan qudratli kuchga aylanmoqda. Dunyo notinch boʻlib turgan bir paytda bizning birlashib, yagona mushtum boʻlishimiz tinch­ligimizning eng ishonchli kafolatidir.

    Yana bir ogʻriqli va muhim nuqta bu — yosh­lar. Mintaqamiz aholisi oʻsib bormoqda va uning katta qismi aziz yoshlarimiz. Bu biz uchun ham bitmas-tuganmas imkoniyat, ham kat­ta masʼuliyatdir. Maqoladagi “mintaqaviy oʻzlikni anglash” gʻoyasi tomirlarimizdagi qonni joʻshtirib, bizni yanada birlashtiri­shi aniq. Biz, ilm-fan, ijod vakillari, bu strategik yoʻlni nafaqat qoʻllab-quvvatlay­miz, balki yoshlarimizni shu umumiy qad­riyatlar, shu birlik ruhi bilan tarbiyalash uchun bor kuchimizni berishga tayyormiz.

    Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimiz­ning ushbu maqolasi siyosiy tafakkurimizda oʻziga xos yangi sahifa ochdi. Undagi bunyod­korlik ruhi va kelajakka yuksak ishonch har bir vatandoshimizning yuragiga yetib borishi shubhasiz.

    Chunki yangi Markaziy Osiyo — bizning umu­miy uyimiz. Uning tinchligi va farovonligi esa barchamizning eng oliy maqsadimizdir!

    Shuhrat SIROJIDDINOV,

    akademik