Joriy yil 5-iyulga qadar davom etadigan bu muhim jarayonga hech bir yurtdoshimiz befarq emas. Shu bois, turli davlat va nodavlat tashkilotlarda, mehnat jamoalarida qonun loyihasi yuzasidan tadbirlar, keng muhokamalar tashkil etilmoqda.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari faollari ham birinchilardan boʻlib qonun loyihasining umumxalq muhokamasiga kirishdi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbir keng jamoatchilik eshituvi shaklida mulohaza, munozara, qizgʻin fikr va takliflarga yoʻgʻrilgan holda oʻtkazildi.

Videokonferensaloqa tarzida tashkil etilgan jamoatchilik eshituvida Konstitutsiyaviy komissiya raisi A.Saidov, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi, senator Q.Rafiqov, federatsiya tasarrufidagi tashkilotlar, hududiy, tarmoq va boshlangʻich kasaba uyushmalari mutasaddilari, kasaba uyushmalari faollari ishtirok etdi.

— Konstitutsiya davlatimiz va jamiyatimizning nafaqat bugungi ­qiyofasi, hayot tarzi, balki kelajagini, ezgu maqsadlarimizning huquqiy zamin va poydevorini belgilab beruvchi hujjatdir, — dedi Q.Rafiqov. — Unda belgilab qoʻyilgan maqsad va vazifalarga erishish, yurtimizda tinch, erkin va obod hayot barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yoʻlida muttasil ish olib borilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, jamiyatda, har qaysi oila va fuqaro hayotida qanday ijobiy oʻzgarishlar sodir boʻlayotgan boʻlsa, bularning barchasi Konstitutsiyamizda belgilab qoʻyilgan talab va qoidalarning hayo­timizdagi amaliy ifodasi, desak yanglishmaymiz.

Joriy yil 20-iyun kuni Prezidentimiz Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashib, bir qator aniq takliflarni bildirdi. Davlatimiz rahbarining taklifi 4 ta asosiy yoʻnalishni, yaʼni “Inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari”, “Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyilini mustahkamlash, “Erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish”, “Oʻzbekistonda insonparvar, demokratik huquqiy davlat qurish” masalalarini qamrab oldi.

Prezidentimiz “Inson qadri uchun” gʻoyasini hamda “Inson — jamiyat — davlat” degan metodologik yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyatiga chuqur singdirish lozimligini asoslab berdi. Shu bilan birga, konstitutsiyaviy qonun loyihasini umumxalq muhokamasidan oʻtkazish, uni referendum yoʻli bilan qabul qilish tashabbusini ilgari surdi. Pirovardida, har bir vatandoshimiz “Yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi — mening Konstitutsiyam”, deb yuksak gʻurur va iftixor bilan ayta olishi kerakligini alohida taʼkidladi.

Darhaqiqat, mamlakatimiz Kons­titutsiyasi mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarning mustahkam huquqiy poydevori boʻlib kelmoqda. Buning natijasida hayotimiz ham, xalqimizning dunyoqarashi ham tubdan oʻzgarmoqda. Ayniqsa, soʻnggi 5 yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan inson manfaatlarini taʼminlash, xalqimiz turmush darajasini oshirish maqsadlarida amalga oshirilgan oʻzgarishlar, barcha sohalarni qamrab olgan islohotlar jamiyatimizda koʻp­lab yangilanishlarga zamin yaratdi.

Shu bois, soʻnggi yillarda fuqarolar tomonidan Konstitutsiyamizni takomillashtirish boʻyicha koʻplab fikrlar bildirib kelinayotgan edi. Shundan kelib chiqqan holda, joriy yilning may oyida Oliy Majlis palatalari Kengashlari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. Oʻtgan bir oy davomida mazkur komissiyaga xalqimizdan 60 mingdan ortiq taklif kelib tushgani, ularning qariyb 70 foizi 30 yoshgacha boʻlgan yoshlardan ekani alohida eʼtiborga molikdir. Bu koʻrsatkich Oʻzbekistonda faol fuqarolik jamiyati, xalqimizda daxldorlik hissi shakllanganidan dalolat beradi.

Tadbirda konstitutsiyaviy qonun loyihasi Bosh qonunimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq oʻzgartish kiritishni nazarda tutishi, shuning­dek, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilayotgani qayd etildi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur oʻzgartish va qoʻshimchalarning aksariyati mazmun-mohiyatiga koʻra, inson huquqlari himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, yoshlarning huquq va manfaatlarini toʻla taʼminlashdek ezgu maqsadlarga qaratilgani eʼtirof etildi.

Shuningdek, mehnat jamoalarida konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan oʻtkazilayotgan umumxalq muhokamalarida kasaba uyushma faol­lari tomonidan bildirilayotgan takliflarni umumlashtirish maqsadida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasida konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyi­cha takliflarni umumlashtiruvchi respublika shtabi tuzilgani, federatsiyaning hududiy kengashlarida esa muvofiqlashtiruvchi guruhlar tashkil etilgani maʼlum qilindi. Ularning asosiy vazifasi barcha hududlardagi mehnat jamoalarida konstitutsiyaviy qonun loyihasini muhokama etish jarayonlarida bildirilgan takliflarni umumlashtirgan holda Konstitutsiya­viy komissiyaga taqdim etishdir.

Muhabbat OʻRMONBEKOVA,

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi

Matbuot xizmati rahbari