Bugun mamlakatimizda inson qadri ulugʻlanib, adolat va ochiqlik tamoyillariga tayangan jamiyat barpo etilmoqda. Konstitutsiyamizning yangi tahriri esa bu oʻzgarishlarning huquqiy poydevorini mustahkamlab, davlat va jamiyat hayotida yangi sahifa ochdi.
Yorugʻ kunlarga intilib yashagan avlod uchun mustaqillik ham gʻurur, ham masʼuliyat. Ezgu mehnat, har bir orzu, har qanday fidoyilik bu neʼmatning asosiga qoʻyilgan poydevordir.
Keyingi yillarda “Yangi Oʻzbekiston” tushunchasi xalqimiz qalbidan mustahkam oʻrin oldi. Chunki u orqali oʻtmish xatolaridan saboq chiqargan, majburiy mehnatdan xoli boʻlgan, inson qadrini ulugʻlaydigan, adolatli va ochiq jamiyat qurayotgan davlat namoyon boʻlmoqda.
Yangi Oʻzbekiston dunyoga ochiq, qoʻshnisi bilan tinchlikni ustun deb bilgan, iqtisodiy diplomatiya bilan yangi bozorlar ochayotgan, imkoniyatga toʻla zamin. Shuningdek, u oʻzgalar yordamini bir tomonlama emas, oʻzaro manfaat asosida qoʻllayotgan yuksak madaniyat va haqiqiy doʻstlik hissiga ega davlatga aylandi.
Yurtimizga, davlatimiz rahbariga bildirilayotgan yuksak hurmat va eʼtirof dunyoda oʻrnimiz mustahkamlanib borayotganining yorqin isbotidir. Bugun Oʻzbekiston nafaqat siyosiy va iqtisodiy maydonda, balki inson qadrini yuksaltirishda ham oʻrnak boʻlayotgan davlat sifatida tanilmoqda. Davlat bilan davlat, xalq bilan xalq oʻrtasidagi yurakdan chiqqan samimiy munosabatlar aynan shundan dalolat beradi.
Xalqimizning ishonchi va muhabbati — eng oliy mukofot. Ana shu ishonch boshlangan har bir ishga kuch, har bir qadamga ruh, har bir saʼy-harakatga baraka bagʻishlamoqda.
Soʻnggi yillardagi keng koʻlamli islohotlar Oʻzbekiston Konstitutsiyasining yangi tahririda mustahkamlandi. Bosh qomusimiz inson qadrini yuksaltirish tamoyilini davlat siyosatining markaziga qoʻydi. Ijtimoiy davlat tamoyillarini yanada mustahkamladi. Fuqarolarning huquq va erkinliklarini zamon talablariga mos ravishda kengaytirdi. Xalq bilan muloqot, adolatli sud tizimi va ochiq boshqaruv tamoyillarini konstitutsiyaviy kafolatladi.
Bularning barchasi Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot bosqichi — “inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan davlat boshqaruvi modeliga oʻtgani isbotidir. Konstitutsiyamiz esa aynan shu ishonchni mustahkamlash, davlat va jamiyat munosabatlarini yanada samarali qilish yoʻlida huquqiy asos vazifasini bajaradi.
Yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi — oddiy hujjat emas. Bu xalqning tarixiy xotirasi, bugungi ishonchi va ertangi kuniga qatʼiy qadami, millatning oʻz kelajagini oʻzi yaratish yoʻlidagi buyuk maqsadi ramzidir.
Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,
Fargʻona davlat universiteti rektori








