Mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, ularni yuksak maʼnaviyatli, bilimdon, yurt taqdirini oʻz zimmasiga olishga qodir avlod sifatida voyaga yetkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ular erishayotgan yutuqlarni ragʻbatlantirish va munosib taqdirlashga ham yuksak eʼtibor qaratilyapti.
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 21-aprelda qabul qilingan “Tasviriy va amaliy sanʼat sohasi samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida ham oliy taʼlim muassasalarida tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn yoʻnalishida taʼlim olayotgan iqtidorli, ijodkor talabalarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini taʼsis etish vazifasi belgilab berilgan edi.
Joriy yilda ilk bor oliy taʼlim muassasalarining iqtidorli va ijodkor talabalari uchun ushbu davlat stipendiyasi tanlovi oʻtkazildi. Stipendiya tayinlashda talabgorning oliy taʼlim muassasasidagi tahsil davrida viloyat, respublika va xalqaro miqyosdagi shaxsiy koʻrgazmasini tashkil etgani, soha boʻyicha xalqaro va respublika darajasidagi koʻrgazma, biyennale, festival, simpozium, tanlov va boshqa nufuzli tadbirlardagi ishtiroki va natijalarga erishgani, oʻquv jarayonida mutaxassislik fanlarini aʼlo baholarga oʻzlashtirgani, oʻzbek milliy sanʼatini targʻib qilishga qoʻshgan hissasi inobatga olindi.
Badiiy akademiya tomonidan tuzilgan Ekspert guruhining qaroriga koʻra, 7 nafar iqtidorli talaba tegishli taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini qoʻlga kiritdi. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasida gʻoliblarga guvohnoma topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
— Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi — oliy taʼlim muassasalarining dastgohli rangtasvir, grafika va miniatyura, haykaltaroshlik, amaliy sanʼat, dizayn, sanʼatshunoslik va muzeyshunoslik yoʻnalishlarining oxirgi ikki kursida taʼlim olayotgan bakalavriat bosqichi talabalariga tayinlanadi, — deydi Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi, Oʻzbekiston xalq rassomi Akmal Nuriddinov. — Har bir muvaffaqiyat zamirida tinimsiz mehnat, ishonch va intilish ustuvorligi mavjud. Umid qilamiz va ishonamizki, ushbu nufuzli davlat stipendiyasiga sazovor boʻlgan talabalarimiz yaqin kelajakda oʻzlarining aʼlo oʻqishi, ijodiy salohiyati va sermazmun ijodi bilan Vatanimizga sidqidildan xizmat qiladi va bildirilgan ishonchni albatta, oqlaydi.
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari Tursunmurod Musirmonov, Dilshoda Hoshimova, Tohirjon Ahmedov, Nargiza Yoʻldosheva, Toshkent arxitektura-qurilish instituti talabasi Gulchehra Meliboyeva, Nukus davlat pedagogika instituti talabasi Gulnur Sarsenova, Buxoro davlat universiteti talabasi Oysha Ibrohimova ilk stipendiya egalari boʻlishdi.
— Har insonning oʻz oldiga qoʻygan buyuk maqsadlari boʻladi, oʻsha maqsad va niyatlar uni hamisha oldinga yetaklaydi, — deydi Buxoro davlat universiteti talabasi Oysha Ibrohimova. — Kelajakda sohaning yetuk ustasi boʻlib, ustozlarimdan olgan bilimlarni yosh avlod qalbiga singdirishga, ularning qalbida musavvirlikka qiziqishini yana-da oshirishga harakat qilaman. Oʻzim Buxoro davlat universitetining sanʼatshunoslik fakultetiga grant asosida oʻqishga qabul qilingan edim. Bugun esa, dastgohli rangtasvir taʼlim yoʻnalishi boʻyicha, buyuk musavvir nomi bilan atalgan nufuzli davlat stipendiyasiga loyiq topildim.
Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi isteʼdodli yoshlarning milliy va umuminsoniy qadriyatlarni tarannum etuvchi yorqin asarlar yaratish, oʻzbek tasviriy sanʼatini izchil rivojlantirish faoliyatida katta ragʻbat boʻlish bilan birga, ularning ijodida muhim oʻrin tutadi va yuksak natijalarni qoʻlga kiritishga undab turadi.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri