Buyuk shoir va mutafakkir, xalqparvar davlat arbobi Mir Alisher Navoiyning bebaho merosi el-yurtimiz maʼnaviy hayoti va dunyo adabiyoti rivojida alohida muhim oʻrin tutadi. Ul zotning muborak siymosi umrini Vatan va xalq saodati uchun baxsh etishni hayot maslagi deb biladigan fidoyi shaxslarni tarbiyalashda barcha davrlar uchun yuksak ideal namunasi boʻlib xizmat qiladi.
Soʻnggi yillarda ulugʻ ajdodimizning hayoti va ijodini oʻrganish va jahon miqyosida keng targʻib qilish boʻyicha koʻplab loyihalar amalga oshirildi, jumladan, xalqaro ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etildi, shoir asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish va nashr etish ishlari davom ettirilmoqda.
Buyuk gumanist, adolat va ezgulik kuychisi, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va adabiyot homiysi Alisher Navoiyning umumbashariy ahamiyatga ega oʻlmas merosini yanada teran tadqiq etish, xalqimiz va jahon ahlini bu ulkan boylikdan har tomonlama bahramand etish maqsadida:
1. Madaniyat vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi, Navoiy viloyati hokimligi hamda keng jamoatchilikning Alisher Navoiy tavalludining 584-yilligi munosabati bilan Navoiy viloyatida 2025-yilni “Alisher Navoiy yili” deb nomlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Alisher Navoiy ijodiy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish hamda Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili”ni yuqori darajada oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiyasi)ning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar Respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
Alisher Navoiy merosini oʻrganish ishlarini yanada yuksak bosqichga koʻtarish maqsadida yurtimiz va chet ellarda tizimli asosda ilmiy izlanishlar olib borish va ularning natijalarini eʼlon qilish, ushbu mavzuda yangi ilmiy, badiiy va ommabop asarlar yaratish, xorijdagi navoiyshunos olim hamda ijodkorlarning asarlarini oʻzbek tilida nashr etish choralarini koʻrish;
Navoiy siymosi tasvirlangan, uning shaxsi, ilmiy-maʼrifiy merosi, davlat arbobi sifatidagi faoliyatiga bagʻishlangan koʻrgazmali axborot vositalarini tayyorlash, mediamahsulotlar va audiovizual asarlar yaratish, ularni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritish hamda ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishni taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi elchixonalari, oʻzbek milliy madaniy markazlari, vatandoshlar jamiyatlarida Alisher Navoiyning hayoti va faoliyati, insonparvarlik gʻoyalarini keng oʻrganish va targʻib qilish maqsadida ilmiy anjumanlar hamda davra suhbatlari tashkil etish;
mazkur jarayonda vazirlik va idoralar, ilmiy va ijodiy, maʼrifiy muassasalar oʻrtasida samarali hamkorlikni taʼminlash;
ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash, chora-tadbirlarni moliyalashtirish bilan bogʻliq xarajatlarni Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida, ijrochilarning byudjetdan tashqari mablagʻlari, xalqaro grantlar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishini tashkil etish, mablagʻlarning taqsimlanishi va sarflanishini nazorat qilish
4. Alisher Navoiyning benazir ijodiy merosini keng ommalashtirish hamda Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili”ni yuqori darajada oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Respublika komissiyasi Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlar oʻz vaqtida samarali amalga oshirilishini tashkil etsin, bu borada idoralararo hamkorlikni taʼminlasin. Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti Respublika komissiyasining ishchi organi etib belgilansin.
5. Navoiy viloyatida 2025-yil “Alisher Navoiy yili” deb nomlangani munosabati bilan Navoiy viloyati hokimligi:
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda 2025-yil 8-9-fevral kunlari buyuk bobomiz tavalludining 584-yilligi munosabati bilan mahalliy va xorijiy olimlar, ijodkor ziyolilar, keng jamoatchilik ishtirokida “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” anʼanaviy xalqaro simpoziumi va navoiyxonlik tadbirlarini yuqori saviyada oʻtkazish choralarini koʻrsin;
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Navoiy viloyatining barcha shahar va tumanlarida Alisher Navoiy hayoti va ijodiy faoliyati bilan bogʻliq holda soʻlim bogʻ va xiyobonlar, yashil hududlar tashkil etsin;
Badiiy akademiya, Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, Madaniy meros agentligi bilan birgalikda Navoiy shahrida barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida Alisher Navoiyning haykali va “Xamsa” dostonlari mavzusidagi ramziy darvozalarni oʻrnatish hamda memorial muzey tashkil etish choralarini koʻrsin;
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda har yili alohida reja asosida Alisher Navoiy ijodiga bagʻishlab ijodiy kechalar, tanlovlar, kitoblar nashri va taqdimoti hamda ilmiy-adabiy anjumanlar oʻtkazsin. Ushbu tadbirlarga talabalar, yosh ijodkorlar va iqtidorli oʻquvchilarni jalb qilish, ularni munosib ragʻbatlantirish orqali “Navoiy viloyati tajribasi”ni yoʻlga qoʻysin.
6. Fanlar akademiyasi:
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda Navoiy davlat universitetida 2025-yil 10-15-oktyabr kunlari “Alisher Navoiy ilmiy-adabiy merosining umumbashariyat maʼnaviy va maʼrifiy taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazilishini taʼminlasin. Bunda xalqaro konferensiyani oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Navoiy viloyati hokimligi tomonidan teng ulushlarda qoplanishi belgilab qoʻyilsin;
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan birgalikda “Hazrat Navoiyni anglash — oʻzligimizni anglash” mavzusida respublika tanlovi, shuningdek, taʼlim tashkilotlari va mahallalarda “Navoiyxonlik kechalari”ni tashkil etsin.
7. Yozuvchilar uyushmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda Alisher Navoiyning hayoti va ijodi, u yashagan davrning maʼrifiy-adabiy muhiti, shoirning ustoz va zamondoshlari, izdoshlari haqida hikoya qiluvchi asarlarni qayta nashr etib, oliy taʼlim muassasalarida Alisher Navoiy qoʻlyozmalarining koʻrgazmalari hamda asarlarining taqdimotlarini oʻtkazsin.
8. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksionerlik jamiyatining Alisher Navoiy hayoti hamda ijodiy faoliyatiga bagʻishlangan badiiy kinofilmni moliyalashtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. Kinematografiya agentligi 2026-yil yakuniga qadar navoiyshunos olimlar, yetuk ssenariychi va rejissyorlar, aktyorlar va soha mutaxassislari ishtirokida ushbu badiiy filmni yaratish, uning tantanali premyerasini tashkil etish choralarini koʻrsin.
9. Tashqi ishlar vazirligi Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan alohida reja asosida Turkiy davlatlar tashkilotining Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotini xorijiy davlatlarda keng targʻib qilish choralarini koʻrsin.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Alisher Navoiy hayoti, uning davlat arbobi sifatidagi faoliyati hamda jahon adabiyoti va tamadduni rivojiga qoʻshgan ulkan hissasini aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida, shuningdek, korxona, tashkilotlar va mehnat jamoalarida keng targʻib qilishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etsin.
11. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston milliy media birlashmasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Alisher Navoiy hayoti hamda ijodiy merosini oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
12. Mazkur qarorda nazarda tutilgan choratadbirlarni moliyalashtirish tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga ajratilgan byudjet mablagʻlari, ularning byudjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2025-yil 7-fevral