“Buyuklar haqida 100 ta dalil” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan tayyorlangan “Buyuklar haqida 100 ta dalil” kitoblari jamlanmasi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    “Oʻzbekiston tarixi” telekanali hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamkorligida tayyorlangan mazkur kitob taqdimotida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, siyosiy fanlar doktori Otabek Hasanov, Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo, masʼul muharrir Shuhrat Hayitov soʻzga chiqib, kitobning dunyoga kelishi jarayonlari haqida, nashrning ahamiyati haqida maʼlumot berishdi.

    Taʼkidlanganidek, “Buyuklar haqida 100 ta dalil” kitobchasi 8 tilda, jami 22 ming nusxada “Maʼnaviyat” nashriyotida nashr etilgan. Kitoblar jamlanmasi respublikamizdagi maktablar kutubxonasiga hadya qilinadi. Bu kitob kelajak avlod bolalari uchun, qolaversa, farzandlarimiz uchun qimmatli va muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

    Tadbirda kitoblar Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga taqdim etildi. Shuningdek, taqdimot ishtirokchilari bilan kichik interaktiv oʻyin oʻtkazilib, ishtirokchilar oʻz bilimlarini sinab koʻrishdi.

    Tadbirda sanʼatkorlar kuy-qoʻshiqlari bilan davraga fayz kiritdi.

    Zulhumor Akbarova