Vatan mustaqilligi va ozodligi yoʻlida koʻrsatilgan qahramonlik aslo unutilmaydi, hamisha xalq qalbida yashaydi. Jaloliddin Manguberdi elyurt istiqloli uchun kurashgan, bunga oʻz hayotini bagʻishlagan ajdodlarimizning buyuk namoyandasidir.
Sulton Jaloliddin oʻn bir yil davomida moʻgʻul bosqinchilariga qarshi uch yuzdan ortiq jangda ishtirok etdi. Sind daryosi boʻyida Chingizxonning oʻz qoʻshinidan toʻrt marta koʻp boʻlgan lashkariga mardona qarshi chiqdi. Isfahon yaqinidagi jangda boryoʻgʻi 14 askari bilan mingdan ziyod moʻgʻul jangchisining qurshovini yorib oʻtdi. Hatto Chingizxondek sarkarda ham uning matonatiga tan berib, “Jaloliddindek qahramon farzandi bor ota naqadar baxtlidir”, deyishga majbur boʻlgan.
Sulton Jaloliddin jangovar faoliyati bilan nafaqat oʻz yurtini, balki dunyodagi oʻnlab mamlakatlarni ham moʻgʻul istilosidan himoya qilganini jahon ahli eʼtirof etadi. Butun umri jangu jadallarda oʻtganiga qaramay, u ogʻir va murakkab davrda ham ilmmaʼrifat homiysi sifatida masjid va madrasalar, karvonsaroylar, qalʼalar, yoʻl va koʻpriklar qurdirgan.
Sulton Jaloliddinning hayot yoʻli, shaxsiyati va jasorati bir haqiqatni uqtiradi: Vatan ozodligi, Vatan manfaati yoʻlida birlashib, mardi maydon boʻlib kurashga bel bogʻlagan xalqni hech qanday kuch hech qachon yenga olmaydi. Moʻgʻullar istilosiga qarshi kurashgan ulugʻ avliyo Najmiddin Kubro, buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi singari shonli ajdodlarimizning jasorati barchamiz uchun namuna maktabidir.
Jaloliddin Manguberdi moʻgʻul bosqinchilari zulmidan yarim jahonni saqlab qolgan xaloskordir. U uzoq yillar davomida bosqinchilarning butun kuchqudratini oʻziga qaratdi. Oxiroqibat Chingizxon Iskandardan ham oʻzib ketish orzusidan voz kechib, armon bilan vafot etdi. 1221-yilning avvalida Jaloliddinning xorazmlik jangchilar va qoʻshni xalqlar askarlaridan iborat qoʻshini moʻgʻullar ustidan qozongan beqiyos gʻalaba dushmanni behad sarosimaga solgan.
Bosqinchilar istilosiga qarshi juda koʻp sarkarda va davlat arboblari kurashgan. Ularning nomi ham oʻz davrining fidoyilari sifatida moziy sahifalaridan joy olgan. Ammo koʻhna tarix bu borada, birinchi navbatda, Jaloliddin Manguberdini avaylab asradi. Yosh sarkarda bosqinchilarga qarshi kurashgan vatanparvargina emas, balki turli xalqlar ustiga yopirilgan balo-qazolarga koʻksini tutib, dushmanning dodini bera olgan lashkarboshi va davlat rahbari sifatida ham mangulikdan oʻrin egallagan.
U dushman ustidan uzilkesil gʻalabaga erishib, davlatni qayta tiklash orzusi ushalishiga juda yaqin keldi. Hukmdor va sarkardaning shaxsiy kotibi Shahobiddin Muhammad Nasaviy shunday yozadi: “Jaloliddin qorachadan kelgan, oʻrta boʻyli, turk lafzli odam edi. Fors tilini ham yaxshi bilardi. Uning botirligiga kelganda shuni aytish kerakki, sulton arslonlar orasidagi eng kuchli sher edi. Bir soʻzli, kek saqlamaydigan, ochiqkoʻngil, toʻgʻri odam edi. U jiddiy shaxs edi. Jaloliddin oʻta qatʼiyatli, nihoyatda irodali, murakkab vaziyatlarda, taqdirning qaltis sinovlarida oʻzini yoʻqotib qoʻymaydigan favqulodda mard va botir sarkarda edi...”
Jaloliddin Manguberdining moʻgʻul bosqinchilariga qarshi kurashda koʻrsatgan mislsiz jasorati, ona xalqiga sadoqati va cheksiz muhabbatini qadrlash hamda uning porloq xotirasini abadiylashtirish maqsadida 1998-yili Vazirlar Mahkamasining “Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800-yilligini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Unga koʻra, Xorazmda sarkardaga haykal oʻrnatildi, yirik koʻcha, maydon, korxonalar va boshqa muassasalarga uning nomi qoʻyildi. 2000-yilning 30-avgustida “Jaloliddin Manguberdi” ordeni taʼsis etildi.
Buyuk ajdodimizning davomchilarini kamol toptirish maqsadida Urganchda Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy akademik litsey tashkil etildi. Bu mardlik maktabi oʻquvchilari orasidan ulugʻ sarkardaning munosib izdoshlari boʻlgan haqiqiy vatanparvar oʻgʻlonlar yetishib chiqishiga xizmat qiladi.
Yaqinda Urganch shahrida “Jaloliddin Manguberdi maktabi” qurilishiga ramziy tamal toshi qoʻyildi. 2023–2024 oʻquv yilidan faoliyat boshlaydigan ushbu taʼlim muassasasi 300 oʻringa moʻljallangan boʻlib, unda birinchi yili 150 nafar hamda keyingi yil yana shuncha oʻquvchi qabul qilinadi. Yoshlar oʻrtasida harbiylikka, vatan himoyachisi degan sharafli va obroʻli kasbni egallashga talab va takliflar ortib borayotgani inobatga olinib, mazkur muassasa qurilishi uchun mahalliy byudjetdan 30 milliard soʻmga yaqin mablagʻ ajratilgan.
Muassasada 4 qavatli oʻquv binosi, 300 oʻrinli yotoqxona, oshxona, madaniyat saroyi, harbiy tayyorgarlik mashgʻulotlari uchun jangovar tayyorgarlik maydonchalari, sport majmuasi hamda zarur boʻlgan boshqa ijtimoiy va oʻquv obyektlar qurilishi rejalashtirilgan.
Bu yil mustaqillik bayrami arafasida davlatimiz rahbarining tashabbusi va taklifi asosida Urganch shahrida buyuk sarkardaning mahobatli haykali oʻrnatilgani jasoratli ajdodimizning Vatanimiz va tariximiz oldidagi xizmatlarining yuksak eʼtirofi boʻldi. Sulton Jaloliddinning qatʼiyati, magʻrur siymosida kelajakka katta ishonch va shiddat bilan intilayotgan xalqimizning vatanparvarligi, bukilmas irodasi oʻz ifodasini topgan.
Jaloliddin Manguberdi majmuasini barpo etish bilan birga, Urganch shahri va uning markaziy maydonida katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari ham amalga oshirildi. Qariyb 8 gektarlik ushbu hudud butunlay yangicha qiyofa kasb etdi.
Prezidentimiz haykal ochilishi marosimidagi nutqida, jumladan, shunday dedi: “Biz koʻplab muhtasham imoratlar qurishimiz, mahobatli haykallar barpo etishimiz mumkin. Ammo ushbu bunyodkorlik ishlarimizning tub maʼnosini, tarbiyaviy ahamiyatini xalqimiz, yoshlarimiz qalbiga singdirmasak, bu obidalarning maʼnaviy ibratini tushuntira olmasak, asosiy maqsadimizga yeta olmaymiz.
Biz bugun dunyoda va mintaqamizda turli tahdid va xatarlar kuchayib borayotgan notinch bir zamonda yashamoqdamiz. Koʻplab buzgʻunchi kuchlar oʻzlarining gʻaraz niyatlari bilan yosh avlodning ongini egallashga urinmoqda. Bunday tahlikali vaziyatda jondan aziz farzandlarimizni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz.
Shu sababli buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi singari vatanparvar, jasoratli ajdodlarimiz hayoti va faoliyatini chuqur oʻrganish, uni xalqimiz, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida keng targʻib etish barchamizning burchimizga aylanishi lozim”.
Maʼnaviyat va maʼrifat markazining Xorazm viloyati boʻlimi rahbari, Urganch davlat universiteti tadqiqotchisi Bekzod Abdirimov pokistonlik olim, doktor Vasim Sajjad bilan hamkorlikda “Sulton Jaloliddin Xorazmshoh Pokistonda” nomli kitobni nashrga tayyorladi. Oʻzbek, ingliz va urdu tillarida chop qilingan ushbu asarda buyuk sarkardaning 1221–1224-yillardagi siyosiy-harbiy faoliyati bilan bir qatorda, Pokistondagi bunyodkorlik ishlari haqida hikoya qilinadi.
Kitobda ajdodimizning zafarli yurishlari, soʻnmas jasorati haqida tarixchilar uchun yangilik boʻlgan qimmatli maʼlumotlar keltirilgan. Shu yilning oktyabr oyida mamlakatimizda “Jaloliddin Manguberdi tarixining yangi sahifalarini oʻrganish” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish rejalashtirilgan boʻlib, asar ushbu yirik anjuman oldidan munosib tuhfa boʻladi.
Vatanparvarlik Yangi Oʻzbekiston poydevorini qurishda muhim tayanch, zamonaviy taraqqiyotga, tarixiy zaruratga mos kelmaydigan buzgʻunchi gʻoyalar tazyiqidan himoya qiluvchi omil hisoblanadi. Millatning ozod tafakkuri shakllanishi uchun milliy ong rivojlanishi kerak. Milliy ong tarixiy tafakkur orqali taraqqiy etadi.
Tarixiy tafakkur esa millatning tarixiy ongi qay darajada yuksalganligiga bogʻliq. Jaloliddin Manguberdi kabi tarixiy shaxslar faoliyatini, jasoratini chuqur oʻrganish millat xotirasi tiklanishida, shuningdek, yoshlarda Vatan tuygʻusining kuchayishida vatanparvarlikning yorqin namunasidir.
Shuning uchun taʼlim tizimida tarixiy shaxslarning faoliyatini oʻrganishni tizimli yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq boʻladi. Jumladan, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlari doirasida Jaloliddin Manguberdi faoliyati tizimli ravishda talabalarga targʻib qilib kelinmoqda.
Tarix fakultetining oʻquv jarayoniga sarkarda bobomiz tarixiga oid alohida maxsus kurslar kiritilgan, magistr va doktorantlar anushteginlar sulolasi, xususan, Sulton Jaloliddin tarixiga oid ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. Qisqa umri davomida Vatanga cheksiz muhabbat va sadoqat, yuksak harbiy salohiyatni namoyon etib yashagan Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimiz bilan har qancha faxrlansak, gʻururlansak, arziydi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, u hamisha yurtimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, unga farzandlik mehri, iymon-eʼtiqod bilan xizmat qilishning oʻchmas timsoli boʻlib qoladi.