Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarining oldini olish boʻyicha Milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat yurituvchi jamoatchilik vakillaridan iborat boʻlgan Ekspert guruhi tomonidan navbatdagi monitoring tashrifi Toshkent viloyatidagi 22-sonli jazoni jazoni ijro etish koloniyasiga amalga oshirildi.
Ombudsman boshchiligidagi Ekspert guruhi aʼzolari boʻlgan Oʻzbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi hamda “Huquqiy tayanch” nodavlat notijorat tashkiloti rahbari hamda Ombudsman Kotibiyati vakillari ushbu muassasada mahkumlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, bu yerdagi qiynoq holatlarini aniqlash boʻyicha oʻrganish ishlarini olib borishdi.
1700 oʻringa moʻljallangan ushbu koloniyada, hozirda 270 nafardan ortiq mahkumlar saqlanmoqda. Muassasada 15 ta uchrashuv xonasi boʻlib, mahkumlarning oila aʼzolari karantin munosabati bilan haftaning faqatgina juma, shanba va yakshanba kunlari uzoq muddatlik uchrashuvlarga kelishlari mumkin. Uzoq muddatli uchrashuvdan soʻng mahkumlar 2 hafta davomida boshqa mahkumlardan alohida saqlanadi va shu muddat ichida “Covid-19” infeksiyasini aniqlash boʻyicha test olinadi.
Koloniya boshligʻi soʻzlariga koʻra, uzoq muddatli uchrashuvlar hozirda telefon qoʻngʻiroqlari orqali navbatga qoʻyilmoqda va xonalar iyun oyiga qadar band qilingan.
Uchrashuv xonalari koʻzdan kechirilganda, xonalar barcha zarur jixozlar bilan taʼminlangani hamda ularning har birida sovutgich va yuvinish xonalari mavjudligi aniqlandi. Muassasa boshligʻining soʻzlariga koʻra, barcha xonalar oʻtgan yili taʼmirdan chiqarilgan va bu yil yana qoʻshimcha 3 ta xona ajratilgan. Shuningdek, koloniyada 3 ta kamera yoki ovoz yozish apparatlaridan holi boʻlgan advokatlar xonasi mavjud.
Monitoring davomida, Ekspert guruhi aʼzolari koloniyada jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlarning yashash, ovqatlanish, mehnat qilish va tibbiy yordam olish sharoitlari hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish holatlarini ham oʻrganishdi. Koloniya hududida tikuvchilik, duradgorlik, yumshoq mebel yasash va boshqa kasb-hunarga ixtisoslashgan 10 dan ortiq sexlar mavjud. Rotangdan toʻqilgan mebellar sexida mahkumlarga ishbay asosda xaq toʻlanib, tayyorlangan mebel narxining 10 foizi mahkumlarga oylik sifatida beriladi.
“Buyurtmaga qarab oyligimiz chiqadi, maoshimni oʻz vaqtida olayapman. Pandemiya sabab buyurtmalar ancha kamaydi, kafe restoranlardan buyurtma olinganda 30 nafardan ortiq mahkumlar ishlar edik. Hozirda esa 8 kishimiz”, - dedi mahkumlardan biri.
Koloniyada mavjud boʻlgan tikuv sexida band boʻlgan 15 nafar mahkumlar tayyor bichilgan matolarni tikish bilan mashgʻul. 3-4 yildan buyon ushbu sexda ishlayotgan mahkumning soʻzlariga koʻra, ular qaysi sexda ishlashlarini oʻzlari tanlaydilar. Qoʻshimcha yana 5 ta jazoni ijro etish muassasasini non bilan taʼminlab boruvchi sexda ishlayotgan mahkumlar ham oylik maoshlarini oʻz vaqtida olishlarini maʼlum qilishdi.
6 mingdan oshiq kitoblarga ega koloniya kutubxonasining 195 ta aʼzolari boʻlib, ular koʻpincha Alisher Navoiy, Tohir Malik asarlarini sevib oʻqishadi. Ushbu xonada rasmiy diniy adabiyotlar, xususan Qurʼoni Karimning oʻzbek va arab tillaridagi nusʼhalari, Hadis kitoblaridan tortib maxsus huquqiy adabiyotlargacha topish mumkin.
Shuningdek, hozirda taʼmirlanayotgan koloniya Tibbiyot boʻlimi va mahkumlarga tibbiy xizmat koʻrsatish holati ham oʻrganilganda, dori-darmon taʼminoti toʻliqligi, lekin, terapevt va stomotolog shifokorlar lavozimlari vakant ekani maʼlum boʻldi.
Koloniya boshligʻining soʻzlariga koʻra, joriy yilning oʻzida muassasadagi barcha issitish uskunalari toʻliq almashtiriladi, oshxona va mahkumlar yotoqxonalari taʼmirlanadi.
Monitoring davomida 30 ga yaqin mahkumlar bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazilib, ariza va shikoyatlari qabul qilindi, shuningdek 200 ga yaqin mahkumlar bilan ommaviy qabullar oʻtkazildi.
Ombudsman huzurida milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat yurituvchi ekspert guruhi tomonidan jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida monitoringlar davom ettiriladi, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.