Buzoqning yugurgani somonxonagacha

    Voqea-hodisalar 28 May 2025 898

    Andijonda “prava“siz haydovchi yoʻl patrul xizmati xodimlaridan qochib, 2 ta mashina bilan toʻqnashdi.

    Viloyat Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining xabar berishicha, shu yilning 26-may kuni soat 14:00larda, Andijon tumani Yangi Asaka yoʻli hududida xizmat olib borayotgan YPX inspektori tomonidan “Nexia-2” rusumli transport vositasiga hujjatlarini tekshirish maqsadida “toʻxtash” ishorasi berilganida, haydovchi, 2005-yilda tugʻilgan A.M. YPX inspektorining qonuniy talabiga boʻysunmasdan harakatlanishda davom etgan.

    Maʼlumotlarga koʻra, Asaka tumani “Koʻrkam” MFY hududda xizmat olib borayotgan bir nechta JTSB hamda YPX inspektorlarining qonuniy talablariga boʻysunmasdan harakatlanib ketayotgan vaqtida, ichki koʻchadan asosiy yoʻlga keskin chiqib yuborishi oqibatida, oʻz yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan “Labo” va “Kaptiva” rusumli transport vositalari bilan toʻqnashib, voqea joyidan ketib yuborgan.

    Shundan soʻng, JTSB va YPX xodimlari ushbu transport vositasini kuzatib borgan va Asaka tumani “Humo” MFY hududida toʻsib ushlangan.

    Ushbu transport vositasi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida, mashina salonida oʻtkir tigʻli jism (pichoq) borligi hamda haydovchi tegishli hujjatlarsiz transport vositasini boshqarganligi aniqlandi.

    YHXBga koʻra, sodir etilgan yoʻl-transport hodisasida tan jarohati olgan fuqarolar yoʻq, transport vositalari texnik shikastlangan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan, Asaka tumani IIB masʼul xodimlari tomonidan haydovchi A.M.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 288-moddasi tartibida tuman IIBning vaqtinchalik ushlab turish xibsxonasiga joylashtirilib, dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.