Byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash tartibi belgilandi

    Moliya 31 Dekabr 2020 3452

    2020-yil 30-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan OʻRQ–660-sonli “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalari kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun imzolandi.

    Qonun bilan 4 ta qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

    Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi. Mazkur tartib 2021-yil 1-apreldan kuchga kiradi.

    Shuningdek, Byudjet kodeksi Soliq kodeksi hamda amaldagi boshqa qonun hujjatlariga muvofiqlashtirildi.

    Shu jumladan, Byudjet kodeksiga tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlarga oid norma kiritildi.

    Unga koʻra, tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar qaytarmaslik sharti bilan hududiy byudjetlar, davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari xarajatlarining tegishli daromadlar prognozidan oshgan qismini qoplash uchun beriladi.

    Bundan tashqari, byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash tartibi belgilandi.

    Byudjet mablagʻlari taqsimlovchilar, davlat maqsadli jamgʻarmalari, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 25 sanasiga qadar oʻz saytlarida quyidagi maʼlumotlarni joylashtirishi lozim:

    - oʻziga tegishli byudjet tashkilotlari kesimida byudjet mablagʻlari taqsimoti;

    - davriy moliyaviy hisobotlar;

    - kapital qoʻyilmalar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosi.

    Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.