Ta'kidlanganidek, so'nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida byudjet ma'lumotlarining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, mahalliy byudjetlarning erkinligini ta'minlash, byudjet mablag'larining shakllanishi, ularning sarflanishi ustidan parlament va jamoat nazoratini kuchaytirish borasida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Qabul qilingan qonun va qarorlar byudjetni shakllantirishda mahalliy Kengashlarning vakolatlarini yanada kengaytirmoqda hamda hududlarning o'zlari uchun qo'shimcha zaxiralarini aniqlashda mustahkam asos bo'lmoqda.
O'tgan besh yil davomida mahalliy byudjet prognozining ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan ichimlik va oqava suv ta'minotini yaxshilash, mazkur ob'ektlarda qurilish-ta'mirlash ishlarini amalga oshirish uchun 2018-2020 yillarda 8,5 milliard so'mlik, ichki yo'llar va avtomobil yo'llarida qurilish-ta'mirlash ishlarini olib borish uchun 22,5 milliard so'mlik mablag'lar ajratildi.
Shuningdek, ijtimoiy soha ob'ektlarida qurilish, rekonstruktsiya va kapital ta'mirlash ishlarini amalga oshirish uchun 2017-2021 yillarda maktabgacha ta'lim sohasida 64,3 milliard so'm, xalq ta'limi sohasida 71,8 milliard so'm, sog'liqni saqlash sohasida 50,1 milliard so'm, madaniyat sohasida 20,5 milliard so'm ajratildi.
Shuningdek, joylarda “Obod qishloq” hamda “Obod mahalla” dasturlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun 194,7 milliard so'mlik mablag'lar ajratildi. Shu bilan birga, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga har tomonlama amaliy yordam ko'rsatish maqsadida 37,7 milliard so'mlik mablag'lar tegishli jamg'armalarga o'tkazib berildi.
Kun tartibidagi masala — Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'yicha 2022 yilgi mahalliy byudjet parametrlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirining o'rinbosari D. Sultonov ma'ruza qildi.
Tadbirda deputatlar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Minajatdin Qutlimuratov,