Hujjat Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlarining samaradorligini yanada oshirish va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2022-yil 14-fevraldagi PQ-128-son qaroriga asosan qabul qilindi.
Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi yuridik shaxs maqomiga ega va Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Byudjet tashkilotlarida ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni amalga oshirishni avtomatlashtirish maqsadida:
- 2022-yil 1-maydan boshlab byudjet tashkilotlarida ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni xodimlarning bank plastik kartalariga oʻtkazish uchun xodimlar roʻyxati (davlat siri yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar bundan mustasno) Moliya vazirligining axborot tizimidan Markaziy bankning axborot tizimi orqali tegishli tijorat bankining axborot tizimiga faqat avtomatlashtirilgan tarzda elektron shaklda yuboriladi;
- 2023-yil 1-yanvardan boshlab Maktabgacha taʼlim vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi tashkilotlarning xodimlariga ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni avtomatlashtirilgan holda hisoblashda Xalq taʼlimi vazirligining tajribasi joriy etiladi.
2023-yil 1-yanvardan boshlab byudjet tashkilotlarining byudjet soʻrovlari, xarajatlar smetasi va shtatlar jadvalini qogʻoz shaklida rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinadi hamda ularni toʻliq elektron shaklda rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi, bundan davlat siri yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar mustasno.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 24.03.2022-yildan kuchga kirdi.