Byurokratik toʻsiqlarga uchrayapmiz(mi)?

    Ijtimoiy hayot 9 Noyabr 2021 960

    Ayni kunlarda Fargʻona viloyatida 80 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari faoliyat koʻrsatyapti.

    Sir emaski, davlat xizmatlari markazlari tashkil etilmasidan avval nafaqat fuqarolar, balki tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchilar yuridik maqom olish, hujjat tayyorlash, davlat roʻyxatidan oʻtish kabi oʻnlab masalalarda koʻplab byurokratik toʻsiqlarga uchragan. Hozirda esa barcha toʻsiqlar bartaraf etilgan.

    Qoʻqonlik tadbirkor Muhiddin Tillaboyev oʻn yildan buyon bolalar kiyimlarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Dastlab kichik sex sharoitida ish boshlagan tadbirkor — faoliyatini kengaytirib, hozirda 100 nafar mahalliy yoshlarni ish bilan taʼminlagan. Korxonada 50 turga yaqin bolalar va chaqaloqlar kiyimlari tayyorlanib, Belgiya, Ruminiya, Belorussiya va Boltiqboʻyi mamlakatlariga eksport qilinadi.

    Muhiddin dastlab tadbirkorlik faoliyati uchun yuridik maqom olish va hujjat tayyorlashda koʻplab sarsongarchiliklar va byurokratik toʻsiqlarga uchragan edi. 4 yil avval Davlat xizmatlari markazlari tashkil etilgandan soʻng minglab tadbirkorlar qatori Muhiddinning ham yumushlari tez va oson hal etiladigan boʻldi.

    — Faoliyat boshlaganimga 10 yildan oshdi. Ilgarilari tadbirkorlik subyektini roʻyxatdan oʻtkazish u yoqda tursin, yerga egalik qilish huquqini rasmiylashtirib olishning oʻzi “katta” ish edi, — deydi Muhiddin Tillaboyev. — Birgina elektr energiyasi manbasiga ulanish, kadastr hujjatlarini tayyorlash, hisob raqam ochish yumushlari uchun bir oylik reja qilardik. Bu hozirgi vaqt uchun ertak boʻlishi mumkin. Lekin yaqin tarixda shunday edi. Davlat xizmatlari markazlari ochilishi bilan bu kabi sarsongarchiliklar barham topdi.

    Turkiyalik tadbirkor Sadik Girgin Qoʻqon shahridagi oyoq kiyimlari ishlab chiqaruvchi korxona rahbari. U Davlat xizmatlari markaziga taʼsis hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish uchun kelgan. Uning yumushlari real vaqt rejimida ijobiy hal etildi.

    — Asosiy faoliyatim oyoq kiyimlar ishlab chiqarish bilan birga, poyabzallar uchun teri mahsulotlarini ham qayta ishlaymiz, — deydi Sadik Girgin. — Qoʻqon shahar davlat xizmatlari markaziga tez-tez kundalik ishlar bilan kelib turaman. Ochigʻi, 4-5 yil avval hammasi boshqacha edi. Davlat xizmatlari koʻrsatish faqat tadbirkorlarga boʻlibgina qolmay, yillar davomida shakllanib qolgan ortiqcha ovora qilish holatlari koʻp edi. Endilikda esa hammasi oʻzgargan. Qiyinchiliklar, tadbirkorni sarson qilish holatlariga barham berilgan. Bu esa xorijiy tadbirkorlar oqimining koʻpayishiga olib keladi.

    Ayni paytda Fargʻona viloyatidagi mavjud 19 ta davlat xizmatlari markazlarida tadbirkorlar va fuqarolar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan ye-auksion maydonchasi, oʻz-oʻziga xizmat burchagi, infolend shular jumlasidan.

    Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, ayni kunlarda Fargʻona viloyatida 287 ta xorijiy korxonalar faoliyat koʻrsatyapti. Joriy yilning 10 oyi davomida esa 46 ta xorijiy kapital asosidagi korxonalar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.

    DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.