Byurokratiya – davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan gʻoyaga zid

    Raqamlashtirish natijasida 30 turdagi xizmatlarni real vaqt rejimida olish imkoniyati yaratilib, joriy yilning oʻzida 8 millionga yaqin xizmatlar avtomatik ravishda koʻrsatilgan.

    Bugungi globallashuv va raqamlashtirish jarayoni tarixan shakllangan davlatchilik anʼanalari hamda davlatlarning boshqaruv tizimiga yangi realliklar, zamonaviy tendensiyalar olib kirayotganiga guvoh boʻlyapmiz.

    Natijada demokratik jamiyatlarda birinchi navbatda byurokratiyadan voz kechish tendensiyasi jadallashib ketdi. Byurokratiya – faqat qogʻozbozlik emas, balki fuqarolarning davlatga boʻlgan ishonchiga, iqtisodiy samaradorlikka, shuningdek, umumiy ijtimoiy kayfiyatga bevosita taʼsir koʻrsatadigan omildir.

    Shu sababdan, Oʻzbekiston Prezidenti Xalqaro kongress markazida byurokratiyani bartaraf etish masalalariga bagʻishlangan xalqaro forumdagi nutqida – Biz Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan insonparvar gʻoyaga amal qilyapmiz, – dedi.

    Ochigʻini aytish kerak, bundan oʻn yil oldin fuqarolarimiz hujjat koʻtarib davlat idoralari orasida sarson boʻlardi. Hech bir ishimiz silliq bitmas edi.

    Keyingi yillarda mamlakatimizda byurokratiyani qisqartirish yoʻlida bir qator farmon va qaror qabul qilindi. Davlat xizmatlari markazlari, Yagona portal platformasi, “Raqamli hukumat” kabi tizimlar tashkil etildi. Natijada koʻrsatilayotgan xizmatlar turi bugungi kunda 1 ming 40 taga yetdi. 90 dan ortiq xizmatlarni proaktiv va kompozit shaklda koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Bunda tugʻilish bilan bogʻliq xizmatlarning kompozit shaklda koʻrsatilishi odamlarga katta qulaylik yaratmoqda.

    Xalq demokratik partiyasi elektorati boʻlgan aholining ehtiyojmand qatlamlariga ijtimoiy nafaqalar murojaatlarisiz avtomatik tarzda amalga oshirilmoqda.

    Raqamlashtirish natijasida 30 turdagi xizmatlarni real vaqt rejimida olish imkoniyati yaratilib, joriy yilning oʻzida 8 millionga yaqin xizmatlar avtomatik ravishda koʻrsatilgan. Bu odamlar hech bir tashkilotning eshigini taqillatmasdan, uyida yoki kundalik mashgʻulotidan ajralmasdan oʻziga kerak xizmatdan foydalanayotganini anglatadi.

    Davlat rahbari “Byurokratiyani bartaraf etish – 2030” dasturni tasdiqlab, unda eng avvalo, davlat va aholi, davlat va biznes hamda davlat tuzilmasining ichki munosabatlarida byurokratiyani bartaraf etish, har tomonlama qulay davlat xizmatlari ekotizimini yaratish koʻzlanganini aytib oʻtdi.

    Jumladan, davlat xizmatlari soni 1,5 mingtaga, elektron xizmatlar ulushi 95 foizga yetkaziladi. Kelgusi yilning oʻzida 250 ta xizmatlar elektron shaklga oʻtkaziladi. Proaktiv va kompozit xizmatlarning soni 400 taga yetkaziladi. Kelgusi yilning oʻzida 180 turdagi bunday xizmatlar joriy etiladi.

    Hujjat aholining davlat xizmatlaridan tez va qulay foydalanishi, tadbirkorlikni ragʻbatlantirish, mamlakatning xorijiy investitsiyalar uchun jozibadorligini oshirish, raqamli boshqaruv va davlat boshqaruvi sohalarida mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini shakllantirishga xizmat qiladi.

    Bu jarayonlarning shaffofligini oshirib, odamlarni ortiqcha ovoragarchilik va hujjatbozlikdan xalos etishi bilan birga, ularning davlatga boʻlgan ishonchining yanada mustahkamlanishiga asos boʻladi.

    Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi va uning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi mazkur dasturni toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi. Partiyamizning asosiy maqsadi aholining ehtiyojmand qatlami manfaatlarini himoya qilish, fuqarolarga teng va adolatli imkoniyatlar yaratishdan iborat. Davlat xizmatlarining qulay, shaffof va barcha qatlam uchun birdek ochiq boʻlishi – adolatli ijtimoiy siyosatning ajralmas qismi hisoblanadi.

    Ulugʻbek INOYATOV,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

    OʻzXDP fraksiyasi rahbari.