“Captiva” mashmashasi: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Bosh prokuraturaga soʻrovnoma yubordi

    Parkent tumani hokimligi “Captiva” avtomobili xarid qilgan va vositachi korxona taʼsischilaridan biri tuman hokimining oʻgʻli ekanini tasdiqlagan.

    Shu kunlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Parkent tumani hokimligi tomonidan “Mega Karer” MCHJdan “Captiva” rusumli avtomobil 260 million soʻmga sotib olingani toʻgʻrisida xabarlar tarqaldi. Xabarda sotuvchi tuman hokimining yaqin qarindoshi ekaniga alohida urgʻu berilgan.

    Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, haqiqatdan ham Parkent tumani hokimligi “Captiva” avtomobili xarid qilgan va vositachi korxona taʼsischilaridan biri tuman hokimining oʻgʻli ekanini tasdiqlagan.

    Bu holatga Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham befarq qarab turmadi.

    Yuqoridagi harakatlarda davlat hokimiyati vakilining oʻz mansabidan foydalangan holda korrupsiyaga yoʻl qoʻyish alomatlari mavjudligini inobatga olib, agentlik mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazishni soʻrab Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga soʻrovnoma yubordi. Holat yuzasidan OAV va keng jamoatchilikka batafsil maʼlumot beriladi, deya xabar bermoqda agentlik axborot xizmati.