Sogʻliqni saqlash vazirligining maʼlum qilishicha, Surxondaryo viloyati, Termiz shahri, Tinchlik mahallasida yashovchi 2018-yilda tugʻilgan K.A.ga 2020-yil 12-martda viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi shifokorlari tomonidan “Oʻng tomonlama chov yorgʻoq churrasi” tashxisi qoʻyilgan. Shundan soʻng bemor mazkur muassasada malakali jarroh A.O. tomonidan muvaffaqiyatli operatsiya qilingan.

Amaliyotdan soʻng K.A.da jarohatlar asoratsiz bitgan va operatsiyadan 5 kun oʻtib, uyiga ruxsat berilgan. Videolavhadagi bemor tanasida operatsiya chogʻida bint qolib ketgani toʻgʻrisidagi vajlar esa haqiqatga zid. Qolaversa, oʻsha vaqtda bolaning ota-onasi tomonidan tibbiyot muassasasiga jarrohlik amaliyoti yuzasidan hech qanday eʼtiroz boʻlmagan.

Endi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhadagi yana bir holatga toʻxtalamiz. Yuqorida aytganimizdek, avval bajarilgan operatsiya bolaning chap chov sohasida muvaffaqiyatli oʻtkazilgan va amalaiyotdan soʻng asoratlar kuzatilmagan. Biroq vaqt oʻtishi bilan bemorning boshqa nuqtasi, yaʼni oʻng tomonlama chov yorgʻoq churrasida xastalik yuzaga kelgan. Videolavhada xuddi shu manzara tasvirlangan.

Shu bois K.A. joriy yil yana jarrohlik amaliyotiga muhtojligi tufayli 25-oktyabr kuni viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga davolanish uchun yotqizildi. Yakuniy tibbiy tekshiruvlardan soʻng u 27-oktyabr kuni onasining iltimosiga koʻra, avvalgi jarrohlik amaliyotini bajargan malakali shifokor A.O. tomonidan operatsiya qilindi. Ayni paytda bolaning ahvoli yaxshi va u shifokorlar nazorati ostida tibbiy muolajalarni davom ettirmoqda.

Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, tibbiyot xodimlarining shaʼni, qadr-qimmati, ishchanlik obroʻsiga putur yetkazish maqsadida bunday yolgʻon va noxolis maʼlumotlarni eʼlon qilish nafaqat qonun talablari, balki axborot yetkazish etikasiga ham toʻgʻri kelmaydi. Shu sababli vazirlik mazkur asossiz xabarni tarqatish holati yuzasidan tegishli tashkilotlarga murojaat qiladi.