Sentyabr oyida koʻchmas mulk sotuvi nisbatan kamaygan. Bunga sabab nima?

    Toshkent shahrida 1 kvadrat metr uchun oʻrtacha ijara narxi yil boshidan buyon 22,4 foizga oshdi.

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan Oʻzbekiston koʻchmas mulk bozoridagi talab oʻzgarishlari doimiy ravishda tahlil qilib kelinmoqda.

    2022-yil sentyabr oyida Oʻzbekistonda roʻyxatga olingan koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 19 foizga (+3,7 ming) oshdi. Umuman, yil boshidan buyon uy-joy savdosining oʻsishi 9,7 foizni (195,7 mingta) tashkil etdi.

    Eng yuqori oʻsish surʼatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi (50 foiz), Sirdaryo (42 foiz), Jizzax (39 foiz) va Namangan viloyatlarida (50 foiz) qayd etildi.

    Shu bilan birga, joriy yil avgust oyiga nisbatan koʻchmas mulk savdosining biroz pasayishi kuzatildi. Bu asosan oʻquv yili boshlanishi va chet el fuqarolari sonining sezilarli darajada koʻpayishi tufayli ijaraga beriladigan uy-joylarga talabning oshishi bilan bogʻliq.

    Shunday qilib, Toshkent shahrida 1 kvadrat metr uchun oʻrtacha ijara narxi yil boshidan buyon 22,4 foizga oshdi.

    Uy-joy ijarasi narxlarining eng yuqori oʻsish surʼati Olmazor (49 foiz), Yashnobod (44 foiz), Sergeli (34 foiz) va Shayxontohur tumanlarida (33 foiz) qayd etildi. 1 kvadrat metr uchun ijara haqining yuqori qiymati Shayxontohur (12,5 dollar), Mirobod (10,8 dollar) va Yakkasaroy (10,8 dollar) tumanlarida qayd etildi. Nisbatan arzon ijara narxlari Sergeli (6,7 dollar) va Bektemir (4,6 dollar) tumanlarida kuzatildi.

    Ikkilamchi bozorda narxlar oʻzgarishi

    Hisob-kitoblar shuni koʻrsatadiki, sentyabr oyida ikkilamchi bozorda uy-joy narxining oʻrtacha oʻsish surʼati oyiga 1,1 foizni tashkil etdi (avgust oyida – 0,5 foiz, iyul oyida – 2,5 foiz).

    Uy-joy narxining sezilarli oʻsishi Namangan (5,9 foiz), Jizzax (4,5 foiz) va Fargʻona viloyatlarida (4,4 foiz) kuzatilmoqda. Oʻz navbatida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi (4,3 foiz), Xorazm (1,7 foiz) va Qashqadaryo viloyatlarida (0,4 foiz) pasayishi qayd etildi.

    Umuman olganda, yil boshidan buyon ikkilamchi bozorda 1 kvadrat metr uchun oʻrtacha uy-joy narxi 8,9 foizga oshdi.

    Toshkent shahridagi ikkilamchi koʻchmas mulk bozoridagi narxlar oʻsishi 1,7 foizni tashkil etdi (avgust oyida 1,4 foiz, iyul oyida 2,4 foiz). Uy-joy narxining eng katta oʻsishi Yunusobod, Yakkasaroy va Mirzo Ulugʻbek tumanlarida qayd etildi.

    Shuningdek, poytaxtda 9 oy davomida uy-joy savdosi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 6 foizga oʻsdi. Toshkent viloyatida roʻyxatga olingan shartnomalar soni 2,4 mingtani tashkil etdi.

    Darya Miroshnikova,

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xodimi