CGGC kompaniyasi yoʻl qurilishi sohasida DXSH loyihalarida ishtirok etish niyatida

    Xalqaro hamkorlik 30 Oktabr 2022 1656

    Joriy yil 28-oktyabrda Xitoyning China Gezhouba Group Corporation (CGGC) kompaniyasi vakillari hamda Transport vaziri oʻrinbosari A.Moʻminov va vazirlikning tegishli mutasaddilari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda transport sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda hamkorlik qilish masalalari atroflicha muhokama etildi. Xususan, Xitoy kompaniyasi vakillari Oʻzbekistonda pullik avtomobil yoʻllarini qurish boʻyicha istiqbolli loyihalarda ishtirok etishga qiziqish bildirayotganligini maʼlum qildi.

    Xorijiy kompaniya vakillariga mamlakatimizda transport va yoʻl xoʻjaligi sohasida DXSH asosida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

    Xususan, Jahon banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki maslahat koʻmagida amalga oshirilayotgan Toshkent-Andijon, Toshkent-Samarqand pullik avtomobil yoʻlini qurish loyihasi, shuningdek, Samarqand va Shahrisabz shaharlari orasida 66 kilometrlik avtomobil yoʻli va Taxtaqoracha dovonida 4,4 kilometrlik tunnel qurish loyihalari yuzasidan fikr almashildi.

    Uchrashuv yakunida Xitoy kompaniyasi DXSH asosida amalga oshiriladigan loyihalar boʻyicha oʻzining moliyaviy, texnik va boshqa takliflarini Transport vazirligiga taqdim etishni bildirdi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.