Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktyabrdagi qarori bilan chakana savdo qoidalariga oʻzgartirishlar kiritildi.
Yangi qoidalarga koʻra, sotuvchi faqat haqiqiy narx asosida chegirma yoki aksiya eʼlon qilishi mumkin.
Qarorda belgilangan oʻzgarishlarga koʻra, sotuvchi isteʼmolchilarning qiziqishini oshirish, sotuvni koʻpaytirish yoki boshqa maqsadlarda oʻzi realizatsiya qilayotgan tovarlarga nisbatan ragʻbatlantiruvchi aksiya yoki chegirmalar qoʻllashi mumkin. Bunda sotuvchi tovarning chegirma narxgacha boʻlgan narxini koʻrsatgan taqdirda, chegirma hisoblanadi. Aks holda, u chegirma hisoblanmaydi va tovar narxini arzonlashtirish sifatida baholanadi.
Chegirmada koʻrsatilgan “chegirma narxgacha boʻlgan narx” chegirma eʼlon qilinguniga qadar oxirgi 30 kundagi eng past narx boʻlishi lozim (qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bundan mustasno).
Sotuvchi sunʼiy ravishda narxlarni oshirib, keyinchalik arzonlashtirilgan narxlarni chegirma sifatida koʻrsatish orqali isteʼmolchilarni chalgʻitishi taqiqlanadi.
Sotuvchi oʻz tovarlariga nisbatan chegirmalarni eʼlon qilishda tovarlar va narxlar hisobini yuritishga, tovarning oxirgi 30 kunda amalda boʻlgan narxlarini qayd etish hamda isteʼmolchining talabiga koʻra, ushbu maʼlumotlarni taqdim etishga majbur (qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bundan mustasno).
Sotuvchi ragʻbatlantiruvchi aksiya oʻtkazishda:
- ragʻbatlantiruvchi aksiyani eʼlon qilishda uning shartlarini, amal qilish muddatini, sotib olish shartlarini, aksiyaga qoʻyiladigan tovarlar nomi (turkumi), miqdori va boshqa muhim maʼlumotlarni isteʼmolchilarga aniq va tushunarli qilib yetkazishi;
- ragʻbatlantiruvchi aksiya eʼlon qilinganidan soʻng uning shartlarini oʻzgartirmasligi;
- ragʻbatlantiruvchi aksiya davomida taklif etilayotgan chegirma, bonus va boshqa imtiyozlar haqiqatda amal qilishini taʼminlashi shart.
- Sotuvchi tovarlar narxiga nisbatan chegirma qoʻllaganda:
- chegirmani aniq foiz yoki summa shaklida belgilashi hamda tovar narxi oson aniqlanishi va tushunarli boʻlishini taʼminlashi;
- isteʼmolchining talabiga koʻra, har bir tovar uchun “chegirma narxgacha boʻlgan narx” haqida aniq maʼlumot taqdim etishi;
- sotuvchi tovarning chegirma eʼlon qilinguniga qadar oxirgi 30 kundagi eng past narxini tasdiqlovchi hujjatlar (dalillar) bilan asoslashi (qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bundan mustasno);
- agar chegirma narxda sotilishi nazarda tutilgan tovar soni cheklangan yoki mavsumiy boʻlsa, yoxud mahsulotning holatiga bogʻliq boʻlsa (xizmat qilish yoki yaroqlilik muddati yaqinlashgan, but boʻlmagan, mavsumiy sotish, eski zaxiralarni tugatish, qadoqlanishning shikastlanishi va boshqa sabablar), bu haqida sotuvchi chegirma haqidagi maʼlumotda isteʼmolchilarni xabardor qilishi;
- chegirma narxning amal qilish muddati (boshlanish va tugash sanasi) aniq koʻrsatilishi;
- agar chegirmadan foydalanish isteʼmolchidan shaxsiy maʼlumotlarni berish yoki roʻyxatdan oʻtishni talab qilsa, sotuvchi shaxsiy maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etishi va isteʼmolchilarni ularning maʼlumotlari qayta ishlanish maqsad va shartlari haqida xabardor qilishi shart.
Chegirma eʼlon qilinganda, uning shartlari va amal qilish muddati aniq koʻrsatilishi lozim.









