Bu kabi salbiy holatlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan ishlar olib borilmoqda. Olib borilayotgan amaliy va targʻibot ishlariga qaramay, noqonuniy nikohlar uchrab turibdi.

Hozirgi kunda joylarda, ayniqsa, chekka hududlarda odamlar orasida “mulla” yoki “domla” deb tanilgan kimsalar mana shunday ishlarga qoʻl yorayotganlari kuzatilmoqda. Masalani chuqurroq oʻrganib, tahlil qilsak, bu ishlar juda xato ekaniga amin boʻlamiz.

Chalasavod, yaʼni diniy va dunyoviy ilmlarni egallamagan, tegishli hujjat – shahodatnomasi yoʻq, oʻzini oʻzi “domla” deb nomlab, sharʼiy hukmlarni bilmagan, hatto, oddiy sharʼiy masalalarni ham anglamaydigan kishi qanday qilib, sharʼiy nikoh oʻqish kabi masʼuliyatli ishga qoʻl urushi mumkin.

Mana shunday norasmiy shaxslar oʻzboshimchalik bilan nikoh shartlariga amal qilmay, soʻrab-surishtirmay, tibbiy koʻrik xulosasi va FHDYO boʻlimlari guvohnomasini olmagan, yana achinarlisi, nikoh yoshiga ham toʻlmagan yoshlarning nikohlarini oʻqishi oqibatida turli salbiy holatlar yuz bermoqda.

Masalan, ona va bola salomatligiga jiddiy ziyon yetmoqda. Oʻzbekiston musulmonlari idorasiga shikoyat qilinayotgan oilaviy masalalarni tahlil qilinsa, aksar holda FHDYO roʻyxatidan oʻtmagan oilalarda ajrim koʻpligi va bunday hollarda ayollar oʻz huquqlarini himoya qila olmayotganlari maʼlum boʻlmoqda. Natijada, oilalar parokanda boʻlib, bolalar tirik yetim boʻlish kabi noxush holatlar yuzaga kelmoqda.

Hozirgi kunda, sharʼiy nikoh oʻqishga loyiq boʻlmagan, norasmiy kishilar tomonidan nikoh oʻqilishi yuqoridagi bir qancha muammolarga sabab boʻlayotgani uchun bunday shaxslarga javobgarlik qoʻllanmoqda. Agar noqonuniy nikoh oʻqishga chora koʻrilmas ekan, juda koʻpchilik oilalar bunday oʻzboshimchalikdan zarar koʻrishi aniq.

Sharʼiy nikoh shartlariga hukumat tomonidan berilgan Fuqarolik holati boʻyicha dalolatnoma yozish guvohnomasi boʻlishini ham muhim shartlardan biri deb eʼtirof qilish oʻrinlidir. Norasmiy kishilarning ushbu guvohnomani surishtirmay nikoh oʻqishlari yosh oilalarning ijtimoiy huquqlarini kamsitish boʻlsa, rasmiy imomlarning bunday guvohnomani soʻrab, soʻng nikoh oʻqishlari yosh oilaning ijtimoiy huquqini muhofaza qilishdir.

Zarina NURIDDINOVA,

Samarqand tumani FHDYO boʻlimi mudirasi.