Chaqar masjidi va Sharafboy madrasasida loyihalash ishlari boshlandi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrida joylashgan Chaqar masjidi va Sharafboy madrasasi yuzasidan tanqidiy maʼlumot tarqatilgan edi.

    Bu boʻyicha Madaniy meros agentligi munosabat bildirdi.

    Taʼkidlanishicha, Chaqar masjidi va Sharafboy madrasasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 846-sonli qarori bilan milliy roʻyxatga kiritilgan.

    Ushbu madaniy meros obyektlari avariya holatdaligi va taʼmir talabligi sababli Madaniy meros agentligi huzuridagi taʼmirshunoslik instituti loyiha guruhi taklif etilib, loyihalash ishlari boshlangan.

    Chaqar masjidi Qashqadaryo viloyat Madaniy meros obyektlarini 2023-yilda taʼmirlash va konservatsiya qilish rejasiga kiritilgan. 2023-yil uchun respublika byudjetidan mablagʻ ajratilgandan soʻng, taʼmirlash va konservatsiya ishlari olib boriladi.

    Shuningdek, Sharafboy madrasasi ham 2023-yil taʼmirlash va restavratsiya qilish dasturiga kiritish rejalashtirilgan. Agentlik huzuridagi Ilmiy ekspert kengashi tasdiqlagan xulosaga asosan qurilish taʼmirlash va restavratsiya ishlari bajariladi.

    Madaniy meros agentligi taʼkidlaydiki, har qanday madaniy meros obyektlarida fuqarolar tomonidan loyiha-smeta hujjatlarisiz taʼmirlash restavratsiya ishlari olib borilishga ruxsat berilmaydi!