Mingbuloq tuman tibbiyot birlashmasida barvaqt yigʻilishgan mahalliy shifokoru hamshiralarga birlashmaning boshligʻi vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Sobirjon Shomatov oʻn kunlik muhim tadbir haqida qisqa va loʻnda tushuncha berdi.

– Respublika ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari mutaxassislarining viloyatimizga tashrifidan gʻoyat samarali foydalanib qolishimiz kerak, – dedi u alohida taʼkidlab. – Avvalo “temir daftar”dagilarning xonadonlariga boshlab kirasizlar, keyin uyda yotib qolgan nogironlarni ham koʻrsatasizlar.

Mehmonlar tumanimizda 10 kun davomida ishlashadi. Ertadan kechga qadar har bir guruh kamida oʻttizta xonadon ostonasini hatlasin. Agar beshta guruh faoliyat yuritsa, oʻn kun davomida qariyb ikki ming xonadonda yashaydigan aholining salomatligini mustahkamlashga koʻmaklashadi. Vaqt ziq, biror daqiqa zoye ketmasin. Oilaviy shifokorlaru patronaj hamshiralar mehmonlarga hamroh, yoʻlboshlovchi boʻlib yurasizlar. Yuqori natijadorlikka erishishga astoydil harakat qilinishi zarur.

Nihoyat mehmonlar koʻp tarmoqli markaziy poliklinika oldida kutib olindilar. Avvaldan shakllantirilgan muvaqqat tibbiy guruhlarga Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari yetakchi – hamkor qilib qoʻyildi. Ularning dastlabki yoʻnalishlari – Ingichka, Mehnatobod, Qizilqum, Jomashuy va Uyurchi-Damkoʻl mahallariga belgilandi.

Mana, Mehnatobodga yetib kelgan maxsus tibbiy guruh oʻz faoliyatini Sobira Jumanovaning ahvolini koʻzdan kechirishdan boshladi.

– Grijadan ozor chekaman, goh-goh orqa miyam qisib ogʻriydi, – deya holatini bayon etdi dardmand ayol. – Asli kasbim oʻqituvchilik edi. 2-guruh nogironligi belgilanib, ishga yaramay qoldim...

Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori oʻrinbosari, oliy toifali allergolog Xushnudbek Ahmedov navbatdagi bemorni tekshiruvdan oʻtkazib, koʻchaga chiqsa, oʻrta yoshli yigit kelib salomlashdi.

– Toshkentlik allergolog vrach mahallamizda bemor koʻrib yurganliklarini eshitib, gʻoyat quvondim, – dedi u xursandligini yashirmay. – Oʻn toʻrt yoshli jiyanimni astma qiynaydi, sizlarga uchrasinmi?

– Oʻzimiz uylariga kiramiz, – dedi poytaxtlik mutaxassis, soʻngra oilaviy shifokor Zulfiya Mahkamovaga qaradi. – Bolani taniysizmi?

– Ha, Tinchlik koʻchasidagi 4-uyda buvisi bilan yashaydi.

– Unda oʻsha yoqqa oʻtaylik.

Ostona hatlaganimizda Odina Aliyevaning boshi osmonga yetdi. Nevarasi Javohir Odiljonov obdon tekshirildi. Holati aniqlangach, davo choralari belgilandi. Hatto aerozolni nafas yoʻllariga purkash yoʻl-yoʻriqlari amalda koʻrsatildi.

– Javohir, sen endi boshqa doridan foydalanasan. Nafasni ochadiyam, davolaydiyam, – deb taʼkidladi Xushnudbek Ahmedov.

Qoʻshni xonadondagi Mastura Iminjonova bilan boʻlgan muloqot koʻp narsani oydinlashtirdi. “Saydana”dagi oʻtkazilgan tomografiya tekshiruvi asosida tavsiyalarga qoʻshimchalar kiritildi. Tugʻma bronxoektazning muolajalari tushuntirildi. Uning dardini yengillashtirish uchun bepul davolanish orderi berish maqsadga muvofiq deb topildi.

Shu kuni Mehnatobodning Tinchlik va Oxunboboyev koʻchalaridagi qirqqa yaqin xonadonlarda yashovchi xastahollar tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

Mingbuloq tumanida 41 ta mahalla boʻlib, ularning birortasiga ham poytaxtlik shifokorlarning qadamlari yetmay qolmaydi. “Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!” shiori ostida oʻtkazilayotgan bu galgi salomatlik aksiyasining qamrovi keng va maqsadi behad ulugʻvordir.

Namangan viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi
Axborot xizmati.