Muloqot avvalida Turkmanistonlik sarmoyadorlarga mamlakatimizning charm-poyabzal va moʻynachilik sanoatida yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlar, sohaning ishlab chiqarish salohiyati, investitsion salohiyati, eksport koʻrsatkichlari toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etildi. Shuningdek, ayni yoʻnalishga oʻz investitsiyasini kiritishni maqsad qilgan mahalliy va xorijiy investorlar uchun davlat tomonidan berilgan imkoniyat va yaratilayotgan sharoitlar, bojxona, soliq imtiyozlar toʻgʻrisida axborot berildi.

Turkman kompaniyasi rahbari muloqot chogʻida mamlakatimiz hududlarida boʻlib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishganligini maʼlum qildi. Korxonalarning salohiyatini yuqori baholadi. Soʻngi yillarda mamlakatimizning bu yoʻnalishdagi potensiali ortib borayotgani, Oʻzbekistonda tayyorlangan yorligʻi ostidagi mahsulotlarga dunyo bozorida talab ortayotganini alohida qayd etdi. Shu bois Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishni maqsad qilganini taʼkidlab oʻtdi.

Maʼlumot oʻrnida qayd etish kerak, bugungi kunda “Maksad deri” kompaniyasi Turkmanistondagi yirik terini qayta ishlash korxonasi sanaladi. Kunlik 1 000 dona terini qayta ishlash imkoniyatiga egadir. Hozirda Turkmanistonda bu kabi terini qayta ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 3 tani tashkil etadi. Ularni kelgusida 10 taga yetkazish maqsad qilingan. Shu boisdan Turkmaniston korxonasi bu yoʻnalishda aynan Oʻzbekiston tajribasini oʻrganishni maqsad qilgan. Shuningdek, Turkmaniston poyabzalning 70 foizi xorijdan xususan, Oʻzbekistondan import qiladi.

Muloqot chogʻida Turkmanistonlik investor Oʻzbekistonda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, davlat va hukumatning xorijlik sarmoyadorlarni toʻliq qoʻllab- quvvatlashi sabab, mamlakatimizda poyabzal ishlab chiqarish korxonasini barpo etish boʻyicha oʻz tashabbusini bildirdi.

Uchrashuv yakunida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi tomonidan Turkman kompaniyasiga yangi korxonani ochish boʻyicha amaliy koʻmak koʻrsatish va ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.