Charter reyslar uchun subsidiyalar ajratiladi

    Transport 10 Avgust 2020 2478

    O'zbekistonga keluvchi xorijiy sayyohlar oqimini oshirish maqsadida turoperator va aviatashuvchilarning mamlakatimizga tashkil etgan charter reyslari har bir yo'lovchi sonidan kelib chiqqan holda subsidiyalanadi.

    Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 iyuldagi 433 sonli qarorida ma'lum qilingan.

    Subsidiya miqdorlari 20 fevraldan 19 noyabrgacha bo'lgan charter reyslarga har bir yo'lovchi uchun 20 dollarni, 20 noyabrdan 19 fevralgacha bo'lgan charter reyslarga har bir yo'lovchi uchun 50 dollarni tashkil qiladi. Subsidiya olish uchun quyidagi shartlar qo'yiladi:

    - chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo'lmagan shaxslar uchun ikki tomonlama (O'zbekistonga va undan) charter reys tashkil qilish;

    - charter reys bilan tashrif buyurgan yo'lovchilarni O'zbekistondagi joylashtirish vositalarida kamida besh kun tunab qolish;

    - charter reyslar va undagi yo'lovchilar to'g'risidagi ma'lumotlarni respublika aeroportlariga to'liq taqdim qilish.

    Subsidiya olish uchun turoperator va aviatashuvchilar O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasiga murojaat qiladi. Murojaat arizasiga yo'lovchi manifesti nusxasi taqdim qilinishi lozim. Murojaatlar har chorak yakuni bilan o'tgan chorakda amalga oshirilgan charter reyslar bo'yicha taqdim qilinadi. Qo'mita har chorak yakuni bilan kelib tushgan arizalarni ko'rib chiqib, chorakdan keyingi oyning 20 sanasiga qadar subsidiyalar ajratilishini ta'minlaydi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi matbuot xizmati.