баннер
26 Mar 2025
21:54

    ChatGPT bilan muntazam muloqot xavfli oqibatlarga olib kelishi maʼlum qilindi

    OpenAI va Massachusets texnologiya instituti tadqiqotchilari ChatGPT bilan muntazam muloqot qilish odamlar bilan kam suhbatlashishga va yolgʻizlik hissini kuchaytirishga olib kelishi mumkinligini aniqladi.

    Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.

    Tajribalardan birida olimlar bir oy mobaynida ChatGPTʼdan foydalanuvchi 1000 ga yaqin kishini kuzatdi. Ularga har kuni kamida besh daqiqa davomida chat-botning matnli yoki ovozli versiyasi bilan muloqot qilish taklif etildi.

    Natijalar quyidagicha boʻldi:

    • inson ChatGPTʼdan qanchalik koʻp foydalansa, unga shunchalik koʻproq bogʻlanib qoladi;
    • sunʼiy intellektga boʻlgan ishonchning yuqoriligi yolgʻizlik tuygʻusi va texnologiyaga qaramlikni keltirib chiqaradi;
    • botning ovozi hissiy bogʻliqlik darajasiga taʼsir koʻrsatmaydi.

    Ikkinchi tadqiqotda ChatGPT bilan olib borilgan 3 million suhbat oʻrganilib, soʻrovnoma oʻtkazildi. Natijalar shuni koʻrsatdiki, foydalanuvchilarning juda kam qismi sunʼiy intellekt bilan muhim shaxsiy mavzularni muhokama qilgan.

    2022-yilda ChatGPT ishga tushirilganidan beri generativ sunʼiy intellektning ommaviyligi keskin oshdi. Dasturchilar muloqotni yanada tabiiyroq qiladigan ovozli funksiyalarni joriy etmoqda. Olimlarning fikricha, bu holat parasotsial aloqalarning shakllanishiga olib kelishi mumkin, bunda foydalanuvchi chat-botni jonli suhbatdosh sifatida qabul qiladi.

    Psixologlar sunʼiy intellekt bilan muloqotning, ayniqsa yoshlar va ruhiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan shaxslarga taʼsiri haqida xavotir bildirmoqda. OpenAI bu masalani oʻrganishni davom ettirmoqda, biroq hozircha xulosa chiqarishga erta.

    “Tadqiqotimiz ChatGPTʼdan foydalanish bevosita yolgʻizlikni keltirib chiqarishini isbotlamaydi”, — deb taʼkidlaydi MIT aspiranti Keti Menʼin Fang. “Biz sunʼiy intellektdan faol foydalanadigan kishilar bilan uni ishlatmaydigan odamlarni taqqoslab koʻrmadik”.

    Chat-bot qaramlikka olib keladimi yoki yolgʻiz odamlar unga koʻproq murojaat qiladimi, hozircha nomaʼlum.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech